Jahon | 21:34 / 30.11.2023
25002
7 daqiqa o‘qiladi

Genri Kissinjyer: Brejnevdan Putingacha

Genri Kissinjyer Taleyran va Metternix bilan bir qatorga qo‘yiladi. Farqi o‘tgan asrning afsonaviy diplomatlari o‘ttiz yilgacha oldingi sahnalardan tushmagan bo‘lsa, Kissinjyer lavozimdagi sakkiz yili ichida Amerika-Xitoy munosabatlari tiklanishi, Viyetnamdagi tinchlik hamda Moskva bilan munosabatlardagi keskinlik yumshatilishining otasi bo‘lishga ulgurgandi. Bu yutuqlardan istalgan biri tarixda qolish uchun yetarli edi.

Peter Foley / Bloomberg / Getty Images

Aytishlaricha, Kissinjyer agar AQSh chegaralaridan tashqarida tug‘ilmaganida, o‘z qobiliyati va xizmatlari sharofati bilan prezidentlikka da’vogarlik qila olardi.

Dunyo tartibotining bo‘lajak me’mori 1923 yil 27 mayda Bavariya yerining Fyurte shahrida maktab o‘qituvchisi oilasida tug‘ilgan va Hayns nomini olgan, keyinroq ismini «Genri»ga o‘zgartirgan.

Yangi vatan

U 15 yoshda ekanida, oila natsistlardan qochib Nyu-Yorkka ketadi. Yosh Kissinjyer Manhettenda o‘qiydi, shu bilan bir vaqtda ustara cho‘tkasi ishlab chiqariladigan fabrikada ishlaydi.

1943 yilda u armiyaga chaqiriladi va nemis tilini bilgani tufayli 84-piyodalar diviziyasining razvedka xizmatiga biriktiriladi. 1945-1946 yillarda esa denatsifikatsiya va Germaniyada, Hannover va Hessen yerlarida sobiq «eseschilar»ni qidirib topish bilan shug‘ullanadi.

1950 yilda Kissinjyer Harvardni a’lo baholarga tamomlaydi (uning «Tarixning ahamiyati» nomli 388 sahifalik dissertatsiyasi universitetning to‘rt asrlik tarixidagi eng uzun diplom ishi bo‘lgan) va qariyb 20 yil mobaynida professor va ekspert sifatida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan.

1969 yil yanvarida, o‘z inauguratsiyasidan keyin darhol, Richard Nikson taniqli tahlilchiga o‘zining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini taklif etadi.

Prezident Kissinjyerga cheksiz darajada ishonch bildirgan, shu bilan birga, Vashingtondagi kuzatuvchilar fikricha, bu bilan davlat kotibi Uilyam Rodjyersga hurmatsizlik qilgan.

1973 yilda Kissinjyer Niksondan keyin kelgan prezident Jyerald Ford davrida ham alohida mavqeyini saqlab qoladi va mamlakat tarixida tashqi siyosatdagi ikki muhim lavozimni bir vaqtda egallagan yagona shaxsga aylanadi.

O‘z qarashlariga ko‘ra u klassik Realpolitik tarafdori bo‘lib, ideologiya va inson huquqlari uning uchun birinchi o‘rinda turmagan.

Global qo‘zg‘alish

AQSh va g‘arb qadriyatlarini inkor etishda sovetlar ittifoqidan farqliroq pozitsiyada bo‘lgan maochilar boshqaruvidagi Xitoy o‘rtasidagi yaqinlashuv 1970-yillar boshida mutlaqo fantastika bo‘lib ko‘rinardi. Ammo Kissinjyer geosiyosiy mulohazalar ustun kelishiga ishonardi va u yanglishmadi.

Yashirin razvedka uchinchi mamlakatlar diplomatlari va siyosatchilari, jumladan ruminlar yetakchisi Nikolaye Chaushesku orqali olib boriladi.

1971 yil aprelida barcha uchun kutilmaganda Xitoy ilk bor g‘arblik sportchilarnii - stol tennisi bo‘yicha Amerika jamoasini mamlakatga taklif etadi. «Ping-pong diplomatiyasi» shu tariqa o‘quv darsliklariga kirgan.

Viyetnam urushini yakunlab bergan kelishuv imzolanishi. Foto: AFP

9-11 iyul kunlari esa Kissinjyerning o‘zi Pekinga tashrif buyuradi - bu zamonaviy xalqaro amaliyotda ham kam uchraydigan holat.

Maroqli diplomatik spektakl Nikson 1972 yil fevralida rasmiy tashrifini amalga oshirishi, diplomatik aloqalar o‘rnatilishi hamda Vashington Tayvanni de-yure XXRning bir qismi sifatida tan olishi bilan nihoyalanadi.

O‘tgan yillar mobaynida bu ikki yirik davlat bir-biri uchun asosiy va almashtirib bo‘lmas iqtisodiy hamkorlar bo‘lib qoldi.

1973 yilda Genri Kissinjyer Viyetnam bo‘yicha 13 iyun kuni imzolangan Parij kelishuvini ishlab chiqqani uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi, kelishuv o‘t ochishni to‘xtatish, Amerika qo‘shinlarini olib chiqish va mamlakatning ikki qismi erkin demokratik saylovlar asosida tinch yo‘l bilan birlashtirilishini nazarda tutardi. Murakkab muzokaralar to‘rt yil davomida olib boriladi.

To‘g‘ri, 1975 yil aprelida «tinchlik» Janub Shimol tomonidan kuch bilan egallanishi hamda kommunistik diktatura o‘rnatilishi bilan yakunlanadi. Tanqidchilar, yakuniy natijani hisobga olgan holda, Nobel qo‘mitasi biroz shoshqaloqlik qilganini ta’kidlashadi.

«Keskinlikni yumshatish» me’mori

Kissinjyerning sovet hamkasbi Andrey Gromiko uni «shayton» deb atagan, ammo uni hurmat qilgan va uni «gapiga ishonish mumkin bo‘lgan odam» deb hisoblagan.

1972 yil mayida «keskinlik yumshatilishi»ning eng muhim voqeasi - Richard Niksonning SSSRga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tadi. Bu, Franklin Ruzveltning Yalta konferensiyasidagi ishtiroki hisobga olinmaganda, Qo‘shma Shtatlar prezidentining tarixda ilk bor Rossiya hududiga kelishi edi.

«Nikson va uning xonimi» Visotskiyning qo‘shig‘ida kuylangan va umuman olganda sovet fuqarolarining yodida qolgan, ammo tashrifning haqiqiy tashkilotchisi va Amerika tomonining asosiy muzokarachisi, 1975 yilgacha bo‘lgan barcha sammitlardagi kabi Kissinjyer edi.

Genri Kissinjyer (chapda oldingi planda), AQSh prezidenti Jyerald Ford (Kissinjyerning ortida) va Amerika delegatsiyasining boshqa vakillari KPSS TsK bosh kotibi Leonid Brejnev, SSSR tashqi ishlar vaziri Andrey Gromiko va AQShdagi elchi Anatoliy Dobrinin bilan sovetlar ittifoqi bo‘ylab harakatlangan poyezdda suhbatlashmoqda, 1974 yil.

Niksonni Leningrad va Kiyevga olib ketishganida, Kissinjyer Gromiko bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvada qoladi. Keyinroq u SSSRga yana bir necha marta kelgan, Leningradni ko‘rishni qattiq istagan va har safar nimadir o‘xshamay qolardi. Bir safar u hazillashib Gromikoga bu shahar aslida ham borligiga ishonchi komil emasligini aytadi.

«Unda bizning inqilob qayerda sodir bo‘lgan?» - deya uning hazilini davom ettirgan sovetlar vaziri.

«Sankt-Peterburgda», - deya javob qaytaradi Kissinjyer. U tarixdan bilimdonligi bilan faxrlanardi, ammo bu holatda u 1917 yilda shahar Petrograd deb atalganini e’tibordan chetda qoldirgandi.

Kissinjyer sovet rahbarlari bilan shaxsiy munosabatlarni rivojlantiradi - albatta, bu do‘stona emasdi, ammo u protokol doirasidan chetga chiqardi.

Bir safar to‘ng‘iz ovidan keyin Leonid Brejnev xizmatkorlarni jo‘natib yuboradi va o‘zi dasturxon tuzab, araq quyadi, Kissinjyer esa «bekor o‘tirishni istamay», kolbasa to‘g‘raydi.

Genri Kissinjyer Rossiyaga qiziqishini abadiy saqlab qoladi.

U Vladimir Putin bilan ham bir necha bor uchrashgan, oxirgisi - 2016 yil 3 fevralida Moskvada bo‘lgandi. Ommaviy chiqishlarida jahon siyosati faxriysi Rossiya Qrimni anneksiya qilganini tanqid qiladi, ammo Ukrainani NATOga qabul qilishga shoshilmaslikka chaqiradi.

Kissinjyerning ko‘plab unvon va mukofotlari orasida Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi ilmiy darajasi va RF TIV Diplomatik akademiyasi faxriy doktoriligi ham bor edi.

Mavzuga oid