Jahon | 21:11 / 30.11.2023
14240
2 daqiqa o‘qiladi

Qrim qaytarilishini kutmoqda, ammo Donbass bilan vaziyat murakkab – Zelenskiy 

Ukraina prezidenti Donbass aholisini «ruhan qaytarish» og‘ir bo‘lishini tan oldi. 

Foto: president.gov.ua

Ukraina uchun bosib olingan Donbass aholisini «ruhan qaytarish» Qrim aholisiga nisbatan qiyinroq bo‘ladi, chunki bu hududda 10 yildan beri jangovar harakatlar davom etmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fikr bildirdi. 

Zelenskiy Ukraina o‘zini o‘zi e’lon qilgan LXR va DXR hududini qaytarishi mumkin, biroq, u yerdagi aholini «ruhan qaytarish» og‘ir bo‘lishini tan oldi. 

«Bir paytlar mening sheriklarim menga Qrimni qaytarish deyarli mumkin emas va Donbassni qaytarish juda qiyin bo‘lishini aytishgan edi. Menimcha, agar biz odamlar haqida gapiradigan bo‘lsak, mabodo odamlar buni xohlamasa, bu juda qiyin bo‘ladi...», dedi Zelenskiy. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qrimni qaytarish osonroq, Donbass esa o‘ta harbiylashtirilgan. 

«Hozir ham, Rossiya bizga qarshi kurashayotganda, Donbassda eng ashaddiy separatistlar bizga qarshilik qilmoqda, ruslar qochmoqda, lekin ular turibdi. Bu ham bir narsani anglatadi. Ammo Qrimda hech qanday jangovar harakatlar bo‘lmagan, shuning uchun men Qrim aholisi qaytishni kutayotganiga ishonaman. Donbass ham kutmoqda, lekin bu juda qiyin bo‘ladi, chunki bu hududning aksariyati ishg‘ol qilingan va maksimal darajada harbiylashtirilgan», dedi Zelenskiy. 

Ukraina rasmiylari Rossiya bilan urushni dushman barcha bosib olingan hududlardan, jumladan, Qrim va Donbass hududlaridan chiqib ketganidan keyingina to‘xtatish mumkinligini ko‘p bora ta’kidlagan. 

Qrim va Donbass 2014 yilda Rossiya tomonidan bosib olingan. 2022 yil kuzida Rossiya Ukrainaning bosib olingan hududlarini: o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR va LXR, shuningdek, Zaporojyye va Xerson viloyatlarining bir qismini anneksiya qildi. 

Mavzuga oid