O‘zbekiston | 12:19 / 01.12.2023
9205
2 daqiqa o‘qiladi

Humo Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi

2024 yil 1 iyuldan to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi. Ularga ustav kapitalining minimal miqdori bo‘yicha qo‘yilgan talablar oshirilmoqda. Humo to‘lov tizimi operatoridagi davlat ulushi Markaziy bankdan Davaktiv balansiga o‘tkazildi.

Foto: Humo

O‘zbekistonda 2024 yilning 1 iyulidan boshlab tashkiliy-huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyati bo‘lgan kompaniyalargina to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti sifatida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi. Bu – 30 noyabr kuni imzolangan prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, to‘lov tizimi operatorlarining ustav kapitali 2024 yilning 1 iyulidan boshlab kamida 50 mlrd so‘m bo‘lishi kerak. Shu sanadan e’tiboran to‘lov tashkilotining ustav kapitali bo‘yicha minimal talab 10 mlrd so‘m, 2025 yil 1 iyuldan esa 20 mlrd so‘m deb belgilanadi.

Hujjat bilan, Humo (“Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ) ustav kapitalidagi davlat ulushi Markaziy bankdan olinib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi.

Avvalroq, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 200 mlrd so‘mga oshirilgan, eng quyi chegara 2024 yil 1 apreldan boshlab 350 mlrd so‘mga, 2025 yil 1 yanvardan esa 500 mlrd so‘mga ko‘tarilishi belgilangan edi.

Mavzuga oid