Jahon | 10:04 / 02.12.2023
11097
8 daqiqa o‘qiladi

G‘azoliklar qishni qanday o‘tkazadi? Ular ko‘chiriladimi?

Garchi qattiq sovuq bo‘lmasa-da, yog‘ingarchilik bilan kechadigan qish palatkalarda yashayotgan g‘azoliklarning ahvolini og‘irlashtiradi. Sektordagi binolarning katta qismi yashashga yaroqsiz ahvolda. Ayni paytda Isroil va uni qo‘llovchi ayrim davlatlarda G‘azo aholisini boshqa davlatlarga ko‘chirish haqida gap-so‘zlar bo‘lmoqda.

Ayrim manbalarda AQSh Kongressi allaqachon bunday yirik migratsiya loyihasi bo‘yicha taklif tayyorlagani haqida yozilmoqda. Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromov Kun.uz'ga bergan intervyusida mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

G‘azo aholisini ko‘chirish ehtimoli qay darajada?

— G‘azo aholisini ko‘chirish bugun paydo bo‘lgan masala emas, tarixda ham bu masala bir necha marta ko‘tarilgan. Falastinliklarni ko‘chirish va ko‘chishga majburlash holatlari kuzatilgan. 1948 yildagi Isroil va arablar to‘qnashuvida 700 ming falastinlik, 1967 yilda esa 300 ming falastinlik o‘zi yashab turgan joydan chiqishga majbur qilingan. Keyingi urushlarda ham bunday holatlar bo‘lib turgan.

BMTning so‘nggi e’lon qilingan 2019 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, falastinlik qochoqlar soni 5 mln 600 mingdan ziyod. BMT qoshida falastinlik qochoqlar bilan shug‘ullanuvchi agentlik ham tashkil etilgan, shuning o‘zi ham falastinlik qochoqlar masalasi ancha jiddiy ekanini ko‘rsatadi.

Yuqorida aytganimdek, tarixda falastinliklarni ko‘chirishlar bo‘lgan, bundan jabr ko‘rgan davlatlar ham bo‘lgan, masalan, Iordaniya, Misr. Bu safargi ssenariy boshqacharoq bo‘lyapti, ya’ni Yaman, Iroq, Misr, Turkiya hududlari ehtimoli aytilyapti.

2023 yil holatiga Suriyada taxminan 438 ming falastinlik bor, Iordaniyada 2 mlndan oshiq, Livanda esa 489 ming atrofida falastinlik qochoqlar yashaydi. 2014 yildagi Suriyadagi inqiroz, fuqarolar urushi boshlanishi, harbiy harakatlar oqibatida taxminan 30 ming falastinlik Iordaniyaga o‘tgan. Iordaniyada 10-13 ta aholi lagerida falastinlik qochoqlar yashaydi. Ular asosan BMT qoshidagi falastinlik qochoqlarga yordam berish agentligi tomonidan berilgan gumanitar yordamlar evaziga yashaydi. Qochoqlarning 18 foizi Iordaniya fuqaroligini ola olgan, qolganlari esa hali ham qochqin maqomida yashamoqda.

Iordaniya o‘zi iqtisodiy jihatdan barqaror bo‘lmagan davlat, ichki muammolari yetarli. Shuning uchun falastinlik qochoqlar ularga og‘ir yuk bo‘ladi. Suriyadagi qochoqlarning esa 80 foizi qashshoqlikda yashaydi, gumanitar yordam olsa ham, bular yetarli bo‘lmayapti.

Aholini chiqarib yuborib, G‘azoni bombardimon qilish haqidagi taxminlar bor edi. Bunga Turkiya yo‘q deya olishi mumkin, lekin boshqa davlatlar bosimlar oqibatiga rozi bo‘lishi mumkinmi?

— Misr prezidenti Sisi fikriga ko‘ra, G‘azoliklarni o‘z yerlaridan chiqarib yuborish “Falastin ishi”ning tugashi bo‘ladi, ya’ni bu konflikt Isroil foydasiga hal bo‘lishini anglatadi.

Ko‘chirib yuborib, bombardimon qilish masalasi. Bilmadim, 2,5 mln aholini birdaniga boshqa joyga ko‘chirish dunyo tarixidagi eng katta migratsiya jarayonlaridan biri bo‘ladi va o‘ta halokatli natijalarga olib keladi. Hozirgi holatda Isroil va AQSh bunday rejaga ega degan taxminlar bor, buni amalga oshirish uchun ma’lum bir harakatlar boshlangan.

Misr bunga ko‘nadimi, degan masala bor. Urush boshidan beri Sisi g‘azoliklarni Sinay yarimoroliga ko‘chirilishiga qarshi ekanini bildiryapti. Sinay yarimoroli Misr tomonidan 9 mlrd dollar foyda keltiradigan turistik hududga aylantirilgan. O‘zi Sinay yarimorolidagi badaviylar Misr hukumatini xushlamaydi, Arab bahori paytida ham bu yerda turli qurolli guruhlar tashkil topgan, Misr hukumatiga ancha muammolar keltirgan. Shundan so‘ng Misr G‘azo va Sinay yarimoroli o‘rtasidagi hududda aholi punktlarini buzib, o‘rtada bufer hudud yaratgan, ya’ni nazorat qilish uchun. Bu borada Isroil hukumatidan yordam ham olgan, Isroil razvedkasi yordam bergan bu yerdagi guruhlarni aniqlashda. Agar g‘azoliklar Sinayga ko‘chirilsa, yana turli guruhlar paydo bo‘lishi ehtimoli katta. Bundan tashqari, shundoq ham Misr iqtisodiyoti og‘ir ahvolda, bu holatda qo‘shimcha yuk kerakmas ularga. Tashqi qarzlari standartlardan oshib ketgan, hozirgi masalada AQSh bu bo‘yicha muzokaralar qilishi mumkin, deyilmoqda, ya’ni tashqi qarzini kamaytirish, ichki iqtisodiyotni biroz yaxshilash evaziga ko‘chirishga ko‘nishi mumkin.

Iroq va Yaman esa mutlaqo yangi ssenariy bu borada. Yamanga ko‘chirilish ehtimoli juda kam. Ammo bu variant ko‘rilayotgani haqidagi xabarlardan xulosa qilinsa, AQSh Yaman bilan muzokaralar o‘tkazayotgan va bundan natija bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Yaman xalqi va hukumati bunga ko‘nmasligi ehtimoli ham katta, chunki bu yerda Eron va “Hizbulloh” omili bor. Bu vaziyatda Saudiya aralashishi ham mumkin, chunki Yamanda Saudiya bilan yaqin guruhlar ham bor.

Iroqda barqaror hukumat yo‘q, iqtisodiy qiyinchiliklar bor. Lekin iroqliklar buni qabul qilishi mumkin, ya’ni katta iqtisodiy yordamlar evaziga. Lekin bu borada ham bahsli holatlar ko‘p. Chunki vaziyat barqarorlashgach, G‘azoga qaytariladi, degan gaplar yolg‘on, tarixda doim shunday bo‘lgan. Hamma buni yaxshi biladi.

Qish kirib keldi. G‘azoda uylar xarobaga aylanyapti, infratuzilma yo‘q qilindi. Endi ular qishda nima qiladi?

— Butun dunyo jamoatchiligini o‘ylantirayotgan xavotirli masala bu. Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta bunday urush bo‘lishi, ya’ni tinch aholiga nisbatan qo‘llash mumkin bo‘lmagan vositalar ishlatildi, butun dunyo buni ko‘rib turibdi. Suriya, Iroqdagi urushlarda ham qurbonlar bundan kam edi. Hali bu sonlar o‘sishi mumkin, afsuski. Halok bo‘layotganlarning aksari bolalar va ayollar ekani yanada achinarli va fojiali.

Urush boshlanganda ham Isroil talabi bilan aholi janubga ko‘chgan edi, lagerlarda yashayapti hali ham. Lagerlarda esa qishda jon saqlash juda qiyin masala. G‘azoliklar juda og‘ir gumanitar inqirozga kirib boryapti. Butun dunyo jamoatchiligi, tashkilotlar xavotirlarini bildiryapti, ammo hozir amaliy harakatlar kerak. Birinchi o‘rinda o‘t ochishni to‘xtatish lozim.

Isroil va uning tarafdorlari sodir etilayotgan jinoyatlarning badalini to‘laydimi?

— Bu harakatlarga Isroil bilan birga kollektiv g‘arb ham teppa-teng javobgar. Agar ular Isroilni qo‘llamaganda edi, Isroil bu qadar katta talafotli urushni boshlamagan bo‘lardi. Isroilda o‘ng va millatchi hukumat turar ekan, Falastin bo‘yicha biror ijobiy o‘zgarish bo‘lishi qiyin.

Isroilda hukumat almashib, muzokaraga ochiq hukumat shakllansagina nimadir qilish, o‘zgartirish mumkin bo‘ladi. Hozircha esa Qatar vositachiligidan umid qilishimiz mumkin, balki otashkesim ortidan urush olovi pasayib borar. Vaqtinchalik kelishuv ham g‘azoliklarning qishga tayyorlanishiga qandaydir imkon yaratishi mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid