O‘zbekiston | 07:27 / 07.12.2023
20803
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 34 nafar jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi

Tadbir davomida 13 dona pnevmatik va ov qurollari, o‘q-dori, elektroshoker, turli hajm va ko‘rinishdagi pichoq, kastet va bitalar aniqlangan.

Foto: IIBB axborot xizmati

Toshkent viloyatida ham respublikaning boshqa viloyatlari singari «Dolzarb 40 kunlik» maxsus profilaktik tadbirlari doirasida jinoiy guruhlarga a’zo bo‘lgan, ijtimoiy muhitga salbiy ta’sir o‘tkazishga uringan bir necha shaxslar qo‘lga olinmoqda.

Viloyat IIBB xabariga ko‘ra, maxsus xizmat va huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida, Toshkent viloyatida 34 nafar jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olinib, ularning 11 nafariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 23 nafari ma’muriy tartibda qamoqqa olindi.

Tadbir davomida, ushbu va boshqa shaxslardan noqonuniy ravishda saqlab kelingan 13 dona pnevmatik va ov qurollari, o‘q-dori va elektroshoker, turli hajm va ko‘rinishdagi pichoq, kastet va bitalar aniqlangan.

Giyohvandlikka qarshi kurash yo‘nalishida 50 dan ortiq holatlar fosh etilib, 11 kg  giyohvandlik moddalari va 8703 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olindi.

Tezkor qidiruv tadbirlarida jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashiringan 64 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan, 2 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilgan.

Hozirda maxsus reyd tadbirlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid