Jahon | 12:23 / 07.12.2023
8305
3 daqiqa o‘qiladi

Yyellen: AQSh Ukrainaning mag‘lubiyati uchun javobgar bo‘lishi mumkin

AQSh moliya vazirining so‘zlariga ko‘ra, kongressmenlar Ukrainaga keyingi yordam qanchalik muhim ekanini tushunadi. O‘z navbatida, Andrey Yermak Vashingtonda Kiyev yordamsiz qolsa, urushda mag‘lub bo‘lish xavfi haqida gapirdi. 

Foto: AP / Manuel Balce Ceneta

AQSh moliya vaziri Janet Yyellenning ishonch bildirishicha, Kongress agar keyingi yordamni ma’qullamasa, Rossiyadan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainaning mag‘lubiyati uchun javobgar bo‘lishi mumkin. «Men Kongress a’zolari bilan gaplashdim. O‘ylaymanki, ular bu halokatli vaziyat ekanligini va agar zarur mablag‘ ajrata olmasak, Ukraina mag‘lubiyati uchun javobgar bo‘lishimiz mumkinligini tushunyapti», dedi u 5 dekabr kuni Meksikaga safari paytida jurnalistlarga. 

Yyellenning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga moliyaviy yordam, xususan, Kiyevdagi hukumatni umumiy budjetdan qo‘llab-quvvatlash «mutlaqo zarur» va Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) tomonidan Ukrainani keyingi qo‘llab-quvvatlash shartlaridan biridir. 

Yermak: AQSh yordamini to‘xtatish urushda yutqazish xavfini oshiradi 

O‘z navbatida, Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Vashingtonga safari chog‘ida Kongress yangi moliyaviy yordamni ma’qullamasa, Ukraina urushda mag‘lub bo‘lish xavfi borligini tasdiqladi. Moliyalashtirishdan bosh tortish, «ehtimol, hududlarni ozod qilishni davom ettirishni imkonsiz qiladi va urushda yutqazish xavfini tug‘diradi», deb ta’kidladi u. 

Shu bilan birga, Yermakning ta’kidlashicha, kelasi yili Kiyev 43 milliard dollar budjet taqchilligini kutmoqda, shuning uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri budjet yordamisiz Ukraina davlatining funksionalligini saqlab qolish qiyin bo‘ladi. Shuningdek, u Ukraina rasmiylarida 2024 yilga mo‘ljallangan harbiy amaliyotlar, diplomatik faoliyat va aloqa va axborot sohasidagi hamkorlikni o‘z ichiga olgan reja borligini ta’kidladi. 

AQSh Kongressi hozircha Kiyevga ko‘mak uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamadi

Oktyabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressga Ukrainaga bir yilga 61,4 milliard dollar, shuningdek, Isroil mudofaasini mustahkamlash uchun 14,3 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam ajratishni so‘rab murojaat qilgan edi. Qonun chiqaruvchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelisha olmayapti.

Agar AQSh Kongressi Kiyevga yordam uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamasa, Vashingtonning joriy yil oxirigacha Ukrainaga qurol-yarog‘ va jihozlar sotib olish uchun resurslari tugaydi, dedi Oq uy boshqaruv va budjet bo‘limi direktori Shalanda Yang Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonsonga. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika qurol-yarog‘i va jihozlarini yetkazib berishni to‘xtatish «nafaqat Ukraina erishgan muvaffaqiyatlarni xavf ostiga qo‘yadi, balki Rossiya harbiylarining g‘alabasi ehtimolini oshiradi». 

Mavzuga oid