Jahon | 10:07 / 08.12.2023
3597
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev rossiyaliklarni 2024 yilgi Olimpiadaga kiritish g‘oyasini tanqid qildi

XOQ rossiyaliklarga neytral bayroq ostida qatnashishni taqiqlasa va «Rossiyaga sportdan harbiy tashviqot uchun foydalanishiga yo‘l qo‘yib bermasa», mas’uliyat bilan harakat qilgan bo‘ladi, dedi Ukraina sport vaziri.

Foto: AP

Ukraina yoshlar va sport vaziri Matvey Bedniy 5 dekabr kuni Lozannada bo‘lib o‘tgan Olimpiya sammitida bir qator milliy olimpiya qo‘mitalari va sport federatsiyalari tomonidan bildirilgan Rossiya va Belarus sportchilarini 2024 yilgi Olimpiadaga neytral maqomda kiritish taklifini tanqid qildi. Bu haqda 7 dekabr, payshanba kuni vazirlik saytida e’lon qilingan bayonotda aytiladi.

Vazir Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) mas’uliyat bilan harakat qilib, Rossiya va Belarus vakillariga neytral bayroq ostida qatnashishni taqiqlaydi va «Rossiyaga sportdan harbiy tashviqot uchun foydalanishiga yo‘l qo‘yib bermaydi», deb umid bildirdi. Uning qayd etishicha, Rossiya uch marta – 2008, 2014 va 2022 yillarda Olimpiada kelishuvi tamoyilini buzgan dunyodagi yagona davlatdir.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ukrainaliklar betaraflik tamoyilini hurmat qiladi, biroq betaraflik faqat tinchlik davrida mumkindir. Urush bo‘lib, bir millat boshqa millatni o‘ldirsa, «betaraflik» mas’uliyatsizlikka aylanadi, deydi u.

Vazir: Rossiya pasportidan voz kechganidan keyin musobaqalarga kiritish kerak

Bedniy ta’kidlashicha, rossiyalik sportchilarning Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi uchun yagona imkoniyat - bu Rossiya pasportidan voz kechish. «Bugungi kunda bu sportchi uchun sport yutuqlari uning asosiy ustuvorligi ekanligini va u ukrainaliklarning qotilligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmasligini isbotlashning yagona mumkin bo‘lgan yo‘lidir», deb ta’kidladi u. Shu bilan birga, Sport vazirligi rahbari Ukraina XOQ ijroiya qo‘mitasining avvalroq Rossiya uchun musobaqalarda qatnashgan sportchilarga fuqaroligini o‘zgartirishga ruxsat berish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatlashini qo‘shimcha qildi.

Agar Rossiyadan sportchilar qatnashishiga ruxsat berilsa, ukrainalik sportchilarning ishtiroki so‘roq ostida qoladi. «Axloqiy nuqtayi nazardan, sizni o‘ldirmoqchi bo‘lganlar bilan raqobat qilish qiyin - majoziy ma’noda emas, tom ma’noda», dedi Bedniy. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik sportchilar doimo rossiyaliklarning provokatsiyalariga duchor bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid