O‘zbekiston | 17:18 / 12.12.2023
23367
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi tibbiyot birlashmasida shifokor pichoqlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi ushlangan.

Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasida shifokor pichoqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 11 dekabr kuni  Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasida fuqaro N.A. ushbu birlashma boshlig‘i N.X. bilan o‘zaro kelishmovchilik sababli janjallashib, yonida bo‘lgan pichoq bilan unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Daryo» so‘roviga ko‘ra aniqlik kiritishicha, voqea kuni 27 yoshli A.N. Nexia-3 mashinasida kirib kelgan. Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i N.X. uni to‘xtatib, shifoxona hududida avtomashinasini tez haydagani bo‘yicha tanbeh berib, tushuntirmoqchi bo‘lganida u shifokor bilan o‘zaro janjallashib ketgan.

Janjal davomida shifokor A.N.ning yuz qismiga qo‘llari bilan urgan. A.N. esa yonida bo‘lgan pichoq bilan N.X.ning tanasining turli joylariga urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda N.X. tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilgan. 

Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi bergan dastlabki ma’lumotnomaga ko‘ra, N.X.da o‘ng tomonlama ko‘krak qafasi oldi yuzasi qo‘ltiq osti chizig‘i bo‘ylab 5-, 6-qovurg‘alar oralig‘iga 1,5-1 santimetr atrofidagi ko‘krak qafasini teshib o‘tgan jarohati hamda o‘mrov o‘rta chizig‘i bo‘ylab 7-, 8-qovurg‘alar oraliq sohasiga 1,5-0,5 santimetr ko‘krak qafasini teshib o‘tmagan jarohatlar mavjudligi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan shahar IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi  2-qismi «l» bandi (qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi N.A. ushlangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid