Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina va Polsha chegarasida birinchi nazorat punkti blokadadan chiqarildi
Polshaning Doroxusk hududiy rasmiylari mahalliy yuk tashuvchilarga Ukraina bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktini to‘sib qo‘yishni taqiqladi. Biroq Kiyev va Varshava o‘rtasida kelishuv hozircha yo‘q.
Ukraina va Polsha o‘rtasidagi chegarada eng yirik nazorat-o‘tkazish punkti «Yagodin - Doroxusk» polshalik tashuvchilar tomonidan bir necha haftalik blokadadan so‘ng yuk mashinalari harakati uchun qayta ochildi. Polshaning Doroxusk hududiy rasmiylari 11 dekabr, dushanba kuni ushbu nazorat-o‘tkazish punktida norozilik namoyishlarini o‘tkazishga ruxsatnomani bekor qilayotganini ma’lum qildi. Ular bunday harakatlar natijasida Polshaning boshqa korxonalariga yetkazilgan zarar haqida gapirdi.
«Kompaniyalar allaqachon juda katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda. Afsuski, kimdir bu qarorni qabul qilishga majbur bo‘ldi», dedi Doroxusk ma’muriyati rahbari Voysex Sava AFP'ga. Uning ta’kidlashicha, u bu qadamni Ukraina rasmiylari bilan muvofiqlashtirmagan. «Men Polshaning turli burchaklaridan ko‘p telefon qo‘ng‘iroqlaridan so‘ng, uzoq o‘ylanib, o‘zim shunday qarorga keldim. Men odamlarning iqtisodiyotimizning boshqa sohalarida ishsiz qolishlariga yo‘l qo‘ymayman», - dedi mahalliy ma’muriyat rahbari.
Avvalroq Ukraina jamiyatlar, hududlar va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Aleksandr Kubrakov «Yagodin - Doroxusk» nazorat-o‘tkazish punkti blokadasi tugaganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tungi soat ikkidan boshlab yuk mashinalarining barqaror harakati tiklangan. «Bu qiyin ish edi, lekin hali yakuniga yetmadi. Chegarani butunlay ochish kerak, bundan keyin ham to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Biz tashuvchilarimiz va davlatimiz manfaatlarini hisobga olgan holda ishlashda davom etamiz», deyiladi Kubrakovning Facebook sahifasida.
O‘z navbatida, Polsha Infratuzilma vazirligi Polsha va Ukraina o‘rtasida inqirozdan chiqish yo‘llari bo‘yicha kelishuvga hali erishilmaganini ma’lum qildi.
Polsha yuk tashuvchilari mahalliy fermerlar ko‘magida noyabr oyi boshida Ukraina bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarini to‘sib qo‘yishni boshladi. «Yagodin - Doroxusk» nazorat punktidan tashqari ular «Krakovets - Korchevaya», «Xrebennoye - Rava-Russkaya», keyinroq «Medika - Shegini» nazorat punktlarini ham to‘sib qo‘yishdi. Shu tariqa, Polsha tashuvchilari qo‘shni davlatdan raqobatchilar tomonidan arzon mahsulotlar importiga qarshi norozilik bildirmoqda.
Mavzuga oid
22:03 / 26.06.2026
Bokschi Usik uchta chempionlik kamaridan voz kechdi
20:44 / 26.06.2026
«Qamalda yashayapmiz». Qrimdagi vaziyat og‘irlashmoqda
11:00 / 26.06.2026
AQSh Ukraina bo‘yicha Alyaskada kelishuv bo‘lganini rad etdi
23:05 / 25.06.2026