Jahon | 08:47 / 13.12.2023
8075
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy amerikalik senatorlar bilan «ochiq uchrashuv» o‘tkazdi

Ukraina prezidenti AQSh Kongressi senatorlari bilan uchrashib, o‘z mamlakatidagi vaziyat va uning ehtiyojlarini batafsil bayon qildi. Demokratlar yetakchisi Chak Shumer uchrashuvni «kuchli» deb atadi.

Foto: AP / Susan Walsh

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vashingtonga tashrifi chog‘ida AQSh Senati a’zolari bilan uchrashdi. 12 dekabr, seshanba kuni AQSh Kongressida yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Zelenskiy senatorlarni Ukraina uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullashga chaqirdi.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, AQSh Senatidagi uchrashuv «do‘stona va samimiy» o‘tdi. Bu «Ukrainaning mustaqillik, erkinlik va demokratiya uchun kurashda qo‘llab-quvvatlanishining muhim tasdig‘idir», deb yozdi Volodimir Zelenskiy Telegram-kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, u senatorlarga Ukrainadagi xavfsizlik va iqtisodiy vaziyatni bayon qilgan va «Amerikaning hayotiy yordamini saqlab qolish» zarurligini ta’kidlagan.

Zelenskiy, shuningdek, Senatdagi Demokratik partiya yetakchisi Chak Shumer va Senatdagi Respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnelga Ukrainaga ikki partiyaviy yordamni kuchaytirgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Shumer: Zelenskiy bilan kuchli uchrashuv

O‘z navbatida Shumer senatorlar va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvni «juda kuchli» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rahbari o‘z mamlakatining ehtiyojlari va AQShdan Ukrainaga mumkin bo‘lgan yordam variantlarini «mufassal tushuntirib bergan», shuningdek, bu yordam Kiyevning g‘alaba qozonishiga qanday yordam berishi mumkinligini aytgan. «Agar u kerakli yordamni olsa, g‘alaba qozonadi», - deya Shumer so‘zlarini keltirgan CNN. Senatdagi demokratlar yetakchisi, agar Ukraina mag‘lub bo‘lsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin g‘alaba qozonishini va «bu Qo‘shma Shtatlar uchun juda va juda xavfli» ekanini ta’kidladi.

O‘z navbatida respublikachi Tom Tillisning CNN telekanaliga aytishicha, uchrashuv chog‘ida Ukrainadagi korrupsiya muammosi ham ko‘rib chiqildi.

AQSh Kongressi hozircha Kiyevga ko‘mak uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamagan

Oktyabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressga Ukrainaga bir yilga 61,4 milliard dollar, shuningdek, Isroil mudofaasini mustahkamlash uchun 14,3 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Qonun chiqaruvchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelisholmagan.

Agar AQSh Kongressi Kiyevga yordam uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamasa, Vashingtonda joriy yil oxirigacha Ukrainaga qurol-yarog‘ va jihozlar sotib olish resurslari tugaydi, dedi Oq uy boshqaruv va budjet bo‘limi direktori Shalanda Yang spiker Mayk Jonsonga. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika qurol-yarog‘i va jihozlarini yetkazib berishni to‘xtatish «nafaqat Ukraina erishgan muvaffaqiyatlarni xavf ostiga qo‘yadi, balki Rossiya harbiylarining g‘alaba qozonish ehtimolini ham oshiradi».

Bu Volodimir Zelenskiyning Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Vashingtonga uchinchi tashrifi.

Mavzuga oid