Jahon | 09:36 / 14.12.2023
5195
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati mamlakat mudofaa budjetini tasdiqladi

AQSh mudofaa budjeti loyihasida Ukrainaga harbiy yordam uchun 300 million dollar ajratish ko‘zda tutilgan.

Foto: Leigh Vogel/Getty Images for Resist Trumpism

AQSh Senati 13 dekabr, chorshanba kuni mamlakatning 2024-moliya yiliga mo‘ljallangan mudofaa budjetini - Milliy mudofaaga ruxsat berish to‘g‘risidagi qonunni 886,3 milliard dollar miqdorida ma’qulladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 28 milliardga (3 foiz) ko‘pdir.

Ovoz berish jarayonida Senat a’zolarining 87 nafari loyihani qabul qilishni ma’qulladi, 13 nafari qarshi chiqdi. Loyiha Vakillar palatasiga o‘tkazildi. Qonun chiqaruvchilar budjet hafta oxirigacha har ikki palatadan o‘tib, imzolash uchun prezident Jo Baydenga jo‘natiladi deb umid qilmoqda.

Qonun loyihasi 3 mingdan ortiq sahifani o‘z ichiga oladi va mamlakat mudofaa ehtiyojlari uchun yuqori mablag‘larni taklif qiladi. Harbiylarning ish haqi sezilarli darajada oshadi - 5,2 foizga. Bu AQSh tarixidagi rekord bo‘ladi.

Ukrainaga yillik yordam 300 million dollarni tashkil qiladi

Amerika qonun chiqaruvchi organining tegishli qo‘mitalari tomonidan kelishilgan mudofaa budjeti loyihasida Ukrainaga harbiy yordam uchun 300 million dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Qonun chiqaruvchilar, agar kerak bo‘lsa, 2025-moliya yilida ham xuddi shunday ehtiyojlar uchun 300 million ajratish niyatida. Umuman olganda, Kiyevga yordam 2026 yil oxirigacha uzaytirildi.

Harbiy budjet - AQSh harbiy xarajatlarining faqat bir qismi. Harbiy mablag‘lar turli budjet moddalari bo‘yicha taqsimlanadi, masalan, yadroviy qurolga sarflanadigan xarajatlar Energetika vazirligi yo‘nalishiga tegishli. Shuningdek, boshqa davlat idoralari va departamentlarining harbiy xarajatlari, Davlat departamentining xorijiy harbiy yordamga sarflangan xarajatlari va boshqalar mavjud.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid