O‘zbekiston | 15:26 / 14.12.2023
33595
9 daqiqa o‘qiladi

Issiqxonalar xavf ostida: yuzlab tonna mahsulotlar nobud bo‘lmoqda

Bir necha yildirki, issiqxonachilikni rivojlantirish kerakligi aytiladi. Issiqxonalar bozorlarimizni to‘rt faslda ham to‘kin bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi, deymiz. Lekin havo harorati tushib ketishi bilan issiqxona egalarining holiga maymunlar yig‘laydi.

Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, shu kunlarda hududlardagi issiqxona egalarining aksariyati gazdan uzilishi haqida kamida ogohlantirilgan, ba’zisi esa gazdan uzilib, ko‘z tikkan hosilidan mahrum bo‘lib ulgurdi.

Masalan, 12-13 dekabr kunlari gaz berilmagani sababli Buxoro tumanidagi “Dilbek Davlat” MChJga tegishli 1,5 gektar issiqxonada ekilgan 80 tonna pomidorlarni sovuq urgan. “Sabab” – tadbirkor tabiiy gazga 100 foiz oldindan to‘lov qilishga ulgurmagani.

Boshqa bir issiqxona – Romitan tumanidagi “Dirilling elektroservis” MChJga qarashli issiqxona egasining gazdan 124 mln so‘m qarzi bo‘lib, 100 millionini to‘lagan. Tadbirkor qolgan 24 mln so‘mni to‘lash uchun muddat so‘ragan. Uning iltimosi inobatga olinmagan va issiqxona tabiiy gazdan uzilgan. Natijada, 80 tonnaga yaqin pomidor nobud bo‘lgan.

Savol: bu yerda kim foyda ko‘rdi-yu, kim zarar ko‘rdi? Mahsulot shu holga kelishi uchun katta mablag‘ sarflangan, u nobud bo‘lgani kimga zarar?

Tadbirkor qarzdorligining katta qismini to‘layapti va qolganiga muhlat so‘rayapti. U qochib ketolmaydi, baribir qarzni to‘laydi. Uni to‘lash uchun manbasi bor – issiqxonasida mahsulot yetilyapti. Aksariyat issiqxona egalari mahsulotini qishning sovuq kunlarida, xususan yangi yil arafasida bozorga olib chiqishni maqsad qiladi.

Tadbirkor 24 mln so‘m qarzi uchun gazdan uzildi va mas’ullar ishtirokida tuzilgan dalolatnomaga ko‘ra, uning 60 tonna pomidori nobud bo‘ldi. Unga imkoniyat berilmadi. Endi 60 tonna pomidorni pulga chaqib ko‘ramiz. Bozorda o‘rtacha pomidor narxi 20 ming so‘mdan kam emasligini hisobga olsak, issiqxona egasi 1 milliard 200 million so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi. Xalq dasturxoniga borishi mumkin bo‘lgan shuncha mahsulot yakson bo‘ldi. Bu kamida vaziyatni tushunmaslik, oddiy tahlilni-da qilolmaslik, insofsizlarcha yondashish, deyiladi.

Meva-sabzavotchilar milliy assotsiatsiyasi rahbari Abdurahim Abduvaliyev biz bilan suhbatda aslida vaziyat bundan ham og‘irligini, zotan bir qator qarorlar va topshiriqlar amalda ijro etilmayotganini ma’lum qildi.

“2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, barcha issiqxonalar ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilishi belgilangan. Lekin bu qaror bajarilishiga bir qancha to‘siqlar mavjudligi sababli prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 avgust kuni Buxoroda bo‘lgan yig‘ilishda: “Bundan buyon Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi belgilandi, bunda vazirlik viloyat hokimlari bilan birga yoqilg‘i mahsulotlarini (ko‘mir va gaz) issiqxonalarga uzluksiz yetkazib berish kafolatini beradidegan edi. Bu gaplar tadbirkorlar uchun kuch va dalda bo‘ldi.

Tadbirkorlarga qo‘shimcha ko‘mak berish maqsadida 2023 yil 27 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 567-sonli qarori imzolandi. Ushbu qarorning 2-bandi, ikkinchi xatboshisida “Hududgazta’minot” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda issiqxona xo‘jaliklariga yoqilg‘i mahsulotlarini (ko‘mir va tabiiy gaz) uzluksiz yetkazib berish kafolati nazarda tutiladi” deb ko‘rsatilgan.

Respublikamizda 10-14 dekabr kunlari ob-havoning keskin sovushi, ba’zi hududlarda kechqurun –18... –20 darajaga tushib ketishi aytildi. Bu sovuq iqlim issiqxonalar uchun ko‘pgina noqulayliklarga sabab bo‘ldi va bo‘lmoqda. Shunga qaramasdan, ba’zi “Hududgazta’minot” AJ viloyat filiallarida gaz bosimi tushib ketishi mumkinligi va agarda aholiga tabiiy gaz yetkazishda qiyinchiliklar to‘g‘ilsa, issiqxonalar tabiiy gaz o‘rniga boshqa tur yoqilg‘iga o‘tish kerakligi bo‘yicha ogohlantirish xatlari berilgan. Lekin “Hududgazta’minot” AJ Samarqand viloyati filiali Narpay va Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limlari tomonidan berilgan 3 noyabr kungi xatga asosan, 8-9 dekabr kunlaridan boshlab tabiiy gaz ta’minoti to‘xtatilishi ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori 111-bandi, 2023 yil 15 sentabrdagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 4-ilova “b” bandiga asosan shartnomada ko‘rsatilgan oylik tabiiy gaz hajmi summasining 50 foiz miqdorida oldindan to‘lov qilish tartibida tabiiy gaz yetkazib berilishi uchun yetarli deb ko‘rsatilgan. Biroq “Hududgazta’minot” AJ viloyat filiallari 100 foiz oldindan to‘lov qilmaguncha tabiiy gaz bilan ta’minlashdan bosh tortmoqda.

2023 yil 10 oktyabrgacha bo‘lgan tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarning 4.3-bandida oldindan to‘lov 70 foiz, 5 kun oldin 50 foiz to‘lov amalga oshirish istagida bo‘lgan iste’molchilar murojaatiga ko‘ra 50 foiz oldindan to‘lovga asosan ishlashi mumkin, deyilgan. Lekin 2023 yil 11 oktyabrdan boshlab imzolangan barcha shartnomalarning 4.3-bandi 100 foiz oldindan to‘lov qilinadi, deb o‘zgartirilgan.

Shuningdek, 2023 yil 27 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasini 567-sonli qarorining “b” bandida: “Tijorat banklari tomonidan issiqxona xo‘jaliklariga yoqilg‘i sotib olishga aylanma mablag‘ uchun kreditlar ajratiladi” deb ko‘rsatilgan. Biroq tadbirkorlar tomonidan ko‘plab murojaatlar bo‘lishiga qaramay, banklar ushbu qarorni bajarishni istamayapti. Buning oqibatida birgina Xorazm viloyatida 42 ta tadbirkorning 73 gektar issiqxonasiga ekilgan ekinlar tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorligi sababli gaz ta’minotiga o‘lana olmayapti. Kutilayotgan sovuq kunlarning birinchisidayoq ushbu tadbirkorlarning aksariyati murakkab vaziyatga tushib qoldi, hosilidan ayrildi”, – deydi Abdurahim Abduvaliyev.

Meva-sabzavotchilar milliy assotsiatsiyasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, joriy ekin yilida mavjud issiqxonalarning taxminan 60-65 foizigina ekin eka olgan. Gaz yetkazib berishdagi noaniqliklar, moliyaviy qiyinchiliklar sababli mahsulot hajmi avvalgi yillarga nisbatan ancha kam bo‘lishi, kutilayotgan sovuq kunlarda yuqoridagi muammolarga tez kunlarda yechim topilmasa, mahsulot hajmi yanayam kamayishi mumkin. Bu esa bozorlarda narxlarning keskin ko‘tarilishiga olib keladi. Bundan tashqari, bu muammolar tadbirkorlarni banklar oldidagi kredit qarzdorligini to‘lay olmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda ayrim raqamlarga to‘xtalib o‘tsak. Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan issiqxonalarning 2446 gektari gazda isitiladi. 2022 yilda mamlakatda jami 51,7 mlrd kub gaz sarflangan bo‘lsa, issiqxonalar uchun 487 mln kub, ya’ni jami xarajatning taxminan 1 foizi sarflagan, xolos. Gazda isitiladigan issiqxonalarda 150 mingdan ortiq doimiy va mavsumiy ishchilar mehnat qiladi. Ularning 90 foizini ayollar tashkil qiladi. Bu – o‘rtacha bir tumanning aholisiga teng raqam.

Demak, 150 ming aholining oilasi daromadi ham shu issiqxonalarga qaratilgan. Mamlakatda iste’mol qilinayotgan tabiiy gazning atigi bir foizinigina tashkil qilgan mahsulotni yetkazib bera olmaslik milliardlab zararga, narx-navo ko‘tarilishiga va ishsizlar sonining ortib borishiga zamin tayyorlamoqda. Sovuq kunlar hali o‘tib ketmadi. Qarorlar ijrosi qilinmasligi sabab endigina oyoqqa turayotgan soha xavf ostida qolmoqda.

Isomiddin Po‘latov,
jurnalist

Mavzuga oid