O‘zbekiston | 18:00 / 15.12.2023
9423
4 daqiqa o‘qiladi

Qamoqxonadagi noma’lum yozuvchi hikoyasi

Panjara ortiga tushib qolib, xayollarida kechganlarini tushirish uchun bir parcha qog‘oz ilinjida bo‘lgan sirli adibning mash’um qismati. Kun.uz shoir Muhammad Yusufning shu haqdagi nomsiz qisqa hikoyasini sahnalashtirdi.

…Uning uchun qamoqxonada eng tansiq narsa qog‘oz edi. U hamma joydan faqat qog‘oz qidirardi. Bir daqiqa sayrga olib chiqishsa, devorlar tagida sarg‘ayib, g‘ijim bo‘lib yotgan bir parcha qog‘oz topib olib, boshi osmonda, yana zax xonaga qaytardi. Tergov paytida ham ilinji shu. Ovqat payti ham.

Ana shunday ming mashaqqatlar bilan yiqqan qog‘ozlari bir kuni qo‘lyozmaga aylandi. Endi uni nima qilib bo‘lsa ham tashqariga, odamlarga yetkazish zarur edi. Lekin qanday qilib?

U turma boshlig‘iga murojaat qildi. Meni qabul qilishingizni so‘rayman, deb qayta-qayta so‘rayverdi. Nihoyat boshliq zerikdi. Qahraton qish kunlarining birida boshliq issiq pechka oldida, oyoqlarini chalishtirib o‘tirib, uning arzini tingladi.

— Sizdan o‘tinib so‘rayman. Shu qo‘lyozmani odamlar o‘qisin. Mayli, keyinroq, oqlanib ketsam yoki…

— Bu yoqqa ber, – dedi boshliq o‘rnidan turmay.

Soddadil adib, unga qo‘lyozmani uzatdi. Boshliq qo‘lyozmani oldi-yu gurillab yonib turgan pechkaning ichiga otdi…

U yana o‘sha zax va qorong‘i xonada o‘ziga keldi. “Bu ablahning oldiga meni kim boshlab bordi? Oyoqlarimmi? Men ularni hoziroq kesib tashlayman. Nahot shuncha xo‘rliklarni ko‘rib ham ko‘zim ochilmadi! Nahot, bu boshda zarra aql bo‘lmasa! Nahotki, u meni jalloddan yordam so‘rab borishga undadi! Hozir… Hozir!…”

U dast o‘rnidan turib, yugurib borib, zarb bilan boshini devorga urdi. Urdi va yana uraverdi. Joni chiqib ketguncha uraverdi...

Kim edi bu adib? Qodiriymi?.. Cho‘lponmi? Yoki Usmon Nosirmi?!

Qisqagina umr ko‘rib, uzoq yashab kelayotgan zotlarga qarang…

***

Ular o‘tib ketdi.

Aniqroq aytganda o‘ldirildilar.

O‘ttizga ham kirmay, qirqqa ham to‘lmay,

Nomlari qolmadi, nishonlari ham...

Surgunda, tutqunda saqlandi ular,

Turkiston deganichun, erk deganichun.

Xalq ilmli bo‘lsin, degani uchun,

Asir, qul, xor bo‘lmasin deganlari uchun,

Uyg‘oq bo‘lganichun, uyg‘otganichun,

Qatag‘on qilindi birma-bir, bir, bir..

80 yillar o‘tdi. To‘qsondir, balki...

Erk ham qaytdi, el ham uyg‘ondi.

Ko‘rdik, bildik, mana kim qandayligin

Qarolar oq bo‘ldi, yolg‘onlar ifsho,

Nomlari oqlandi, birma-bir, bir, bir...

Mayli, suyaklari ketgandir chirib,

Lek ularning ko‘zlari orqada qolgan.

Ruhlari bizlardan kutadi duo,

Ilm, shijoat va mag‘rurlikni ham.

Yaqin yillarda minglab jadidlarning ismlari o‘tmishdagi qizil siyosatning qora ro‘yxatlaridan chiqarilib, ularning faoliyatiga davlat darajasida, xalqaro darajada e’tibor qaratilmoqda. Millat oydinlarining ilm, ma’rifat, adolatsizlikka bo‘ysunmaslik va ogohlik yo‘lidagi harakatlari haqida juda ko‘p davralarda baralla gapirilmoqda.

Birma-bir yo‘q qilingan jadidlar qaytmasligi aniq. Biroq ular istagan birlik, ziyolilik va mag‘rurlik hissi barchamizda uyg‘onmog‘i lozim. Bizni faqat ilm qutqaradi...

Sardorbek Usmoniy tayyorladi.


 

 

Mavzuga oid

E`lonlar