APLda qo‘rqinchli voqea. O‘yin vaqtida futbolchining yuragi to‘xtab qoldi
«Luton» va «Bornmut» o‘yini oxirigacha o‘ynalmay qoldi.
APLning 17-turi doirasida «Bornmut» va «Luton» uchrashuvi ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida noxush voqea tufayli to‘xtatildi — mehmonlar jamoasi sardori Tom Loker hushidan ketib qoldi.
62-daqiqada Loker hech qanday to‘qnashuvsiz gazonga qulaganida dastlab atrofdagi futbolchilar uning oldiga chopib borishdi va zaxira o‘rindig‘idagi tibbiyot xodimlariga signal bera boshlashdi. «Luton» bosh murabbiyi Rob Edvards ham voqea joyiga yetib keldi. Shifokorlar Lokerga shoshilinch yordam ko‘rsatishga kirishdi.
O‘yin bosh hakami Saymon Huper o‘yinni to‘xtatdi va ikki jamoa futbolchilarini kiyim almashtirish xonasiga olib ketdi. «Bornmut» jamoasi muxlislari raqib himoyachisining ismini aytib, uni qo‘llab-quvvatlab tushishdi.
Futbolchini zambilga ortgan holda maydondan olib chiqib ketishdi, ko‘p o‘tmay o‘yinni qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. «Luton»ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida darhol quyidagicha izoh berildi: «O‘yinda tanaffus yuz berdi. Tom Lokerga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Biz barchamiz sen bilanmiz, Loks».
Sky Spors jurnalisti Geri Tephaus «Bornmut» shifokori Loker «o‘ziga kelgani va savollarga javob qaytarayotgani» haqida aytganini xabar qildi. O‘yin vaqtida futbolchining yuragi urishdan to‘xtab qolgani ma’lum bo‘ldi. Ayni vaqtda u shifoxonaga yotqizilgan.
APL rasmiy sahifasida ham hodisa yuzasidan munosabat bildirildi: «Premer liganing «Bornmut» va «Luton Taun» futbol klublari o‘rtasidagi uchrashuvi futbolchi bilan bog‘liq tibbiy hodisa tufayli bekor qilindi. Xayollarimiz Tom Loker va bugungi o‘yinda ishtirok etgan barcha futbolchilar bilan».
O‘yin qoldirilganidan keyin jamoalar muxlislarga minnatdorchilik bildirish uchun maydonga chiqishdi. Bu vaqtda tribunalar «Luton» sardorining familiyasini aytib uni olqishlashdi.
Loker oldin ham o‘yin vaqtida hushini yo‘qotgandi
Loker bundan oldin ham shunday holatga tushgandi. Joriy yil may oyi oxirida Chempionship-2022/23 pley-off bosqichi finalida ham Loker hushini yo‘qotgandi – o‘shanda ham bu hech qanday tashqi ta’sirsiz bo‘lgandi. O‘shanda 12-daqiqada u almashtirilgan – o‘yin esa davom ettirilgandi.
Tomni «Uembli»dan darhol shifoxonaga olib borishgan va bu yerda u to‘rt kun qolgandi. O‘yin yakunlangunicha Loker o‘zini yaxshi his qila boshlagan va jamoasining Premer-ligaga chiqqanini nishonlagandi.
Futbolchiga yurak bo‘lmasi fibrillyatsiyasi tashxisi qo‘yilgandi – bu yurak ritmi buzilishi bilan bog‘liq keng tarqalgan holat. Iyun oyida uelslik futbolchining bu muammosini hal etish uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgandi.
Loker kim o‘zi: APLda faqat 29 yoshiga kelib debyut qildi, bir marta 26 soat ichida ikki o‘yinda maydonga tushgan
Hozirda Tom Loker 29 yoshda, ammo u APLda atigi 14 o‘yin o‘tkazgan. Hatto beshinchi divizionda – Milliy ligada – u ko‘proq o‘ynagan, «Bristol Rovers» safida 44 o‘yinda.
Loker Kardiffda tug‘ilgan va futboldagi yo‘lini ham o‘sha yerdan boshlagan: 11 yoshida «Kardiff Siti» akademiyasiga qabul qilingan, 16 yoshidaligida u bilan shartnoma tuzmaslikka qaror qilishgan – himoya markazida o‘ynash uchun bo‘yi past deb hisoblashgan. E’tiborli jihati, yakunda aynan Tom o‘sha klub akademiyasining APLda o‘ynash imkoniga ega bo‘lgan so‘nggi tarbiyalanuvchisi bo‘lib turgandi.
«Kardiff»dan ketganidan keyin Loker 2011 yilda «Bristol Siti» akademiyasiga qabul qilinadi va shu yerdan kattalar futboliga qadam qo‘yadi. Uelslik himoyachi shu klubda debyut qiladi va klub bilan Milliy ligaga tushib ketadi, shu klub bilan Birinchi ligaga (uchinchi divizion) ko‘tariladi. U shu klubda o‘ynayotganida Uels milliy jamoasiga chaqiruv oladi.
«Bristol»da o‘ynayotganida Loker OAV e’tiboriga tushadi. 2018 yil noyabrida himoyachi 26 soat ichida ikki o‘yinda maydonga tushgandi: avvaliga Uels milliy jamoasi safida Tiranada Albaniyaga qarshi o‘yinning boshlang‘ich tarkibidan joy oladi, bir kundan ko‘proq vaqt o‘tganida Angliya ligasi kubogida «Bristol» safida zaxiradan maydonga tushadi.
Chempionshipga faqat «Charlton»ga o‘tganida chiqishga erishadi. Bu klubda deyarli to‘liq mavsum o‘tkazadi (faqat diskvalifikatsiya tufayli uch o‘yinda qatnasha olmaydi). Yakunda jamoa quyi ligaga tushib ketadi, Tom esa ligada qoladi – erkin agent sifatida «Luton»ga o‘tadi. U bu jamoada tezda asosiy markaziy himoyachiga aylanadi va Yevropa chempionati va jahon chempionatiga boradi (ikki turnirda ham zaxira futbolchisi bo‘lib qoladi) va APLga yetib keladi.
To‘g‘ri, bu APLga chiqish uchun o‘tkazilgan Chempionship pley-offi finalida hushidan ketishi orqali kechadi. O‘yindan keyingi intervyu vaqtida «Luton» bosh murabbiyi Rob Edvardsga Tomning shifoxonada oilasi bilan birga APL yo‘llanmasini nishonlayotgani aks etgan suratni ko‘rsatishadi – kouch yig‘lab yuboradi.
Iyunda Loker bilan shartnoma muddati yakunlangandi, ammo klub kelishuvni uzaytirishga qaror qilgandi. Qolaversa, Tomga sardorlik bog‘ichi berilgandi. Va u bu mavsumda 17 turdan 15 tasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgandi. Lekin bu safargi hodisadan keyin esa uning futbolchilik faoliyatini davom ettirishi katta so‘roq ostida qolmoqda.
«Luton» — APLga shu mavsumda quyi ligadan chiqib kelgan jamoa bo‘lib, bungacha hech qachon bu turnirda ishtirok etmagan. Jamoa birinchi galda o‘z stadioni bilan mashhur — turar joy binolari orasida joylashgan ixchamgina «Kenilvort Roud»ga faqat 10 ming tomoshabin sig‘ishi mumkin. Shunga qaramay, jamoa boy tarixga ega — u «Arsenal» va «Chelsi»dan oldinroq tuzilgan hamda Angliya janubida o‘yinlari uchun pul to‘lay boshlagan ilk jamoa hisoblanadi.
Mavzuga oid
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
11:13 / 10.11.2024
«Siti» inqirozda, «Liverpul» oldinlab ketdi. Kun o‘yinlari
10:01 / 10.11.2024
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
12:28 / 07.11.2024