08:40 / 18.12.2023
5830

Rossiyani tark etgan g‘arb firmalari 103 mlrd dollar yo‘qotdi

Yirik g‘arb kompaniyalarining ketishi Rossiyaning sodiq elitasi va davlatning o‘zi uchun manfaatga aylantirildi, deb yozadi The New York Times.

Foto: TASS

Moskvaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli Rossiya bozorini tark etgan g‘arb firmalari urush boshlanganidan buyon jami 103 milliard dollardan ko‘proq zarar ko‘rgan. Bu haqda 17 dekabr, yakshanba kuni The New York Times gazetasi yozdi, uning xodimlari kompaniyalar moliyaviy hisobotlarini tahlil qilgan. 

Siyosatchilar va faollar g‘arb kompaniyalarining Rossiyadagi biznesi qisqarishi Rossiya iqtisodiyotiga bosim o‘tkazishga yordam beradi va Kremlning urush olib borish qobiliyatiga putur yetkazadi, deb taxmin qilgan edi. «Lekin prezident Putinning boshqa rejalari bor edi. Yirik g‘arb kompaniyalarining ketishi Rossiyaning sodiq elitasi va davlatning o‘zi uchun manfaatga aylantirildi. U o‘z aktivlarini sotmoqchi bo‘lgan kompaniyalarni arzon narxda bunga qilishga majburladi. Moskva tomonidan tayinlangan xaridorlarga sotish cheklandi. Ba’zan kompaniyalarni butunlay o‘z qo‘liga oldi», - deyiladi xabarda. 

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, Putin «kompaniyalarni tark etish shartlarini ko‘rsatmoqda». Bundan tashqari, ularga qarshi «doimiy o‘sib boruvchi soliqlar» qo‘llanmoqda, buning natijasida Rossiya budjetiga 2022 yilda kamida 1,25 milliard dollar kelib tushdi. 

Jurnalistlar bunga misol sifatida Niderlandiya kompaniyasini keltirmoqda. Muzokaralarga yaqin manbalarga tayanib, NYT’ning yozishicha, Rossiya rasmiylari kompaniya topgan xaridor bilan kelishuvga erishishdan bosh tortgan va ularni parfyumeriya kompaniyasiga topshirgan. 

Do‘stlarning Rossiyadagi biznes savdo operatsiyalariga ta’siri 

Ilgari oshkor etilmagan hujjatlar, moliyaviy hisobotlar hamda Rossiya va Yevropadagi bitimlarning o‘nlab ishtirokchilari bilan suhbatlar shuni ko‘rsatganki, hozirda Moskva g‘arb kompaniyalarining Rossiyadagi biznesdan deyarli har bir chiqishini nazorat qilyapti, deb yozadi gazeta. «Kompaniyalar sotish uchun ruxsat olish bo‘yicha noaniq tizimdan o‘tishi kerak», ayrim hollarda rahbariyat do‘stlari «aralashuv uchun unga bevosita murojaat qiladi», deyiladi surishtiruvda.

NYT eslatishicha, Ukrainada urush boshlanganidan 11 kun o‘tgach, Rossiyada xorijiy sarmoyalarni nazorat qilish bo‘yicha hukumat komissiyasining quyi qo‘mitasi tuzilgan. U Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov nazorati ostida ishlaydi hamda xorijiy kompaniyalar va ularning Rossiya aktivlari xaridorlari o‘rtasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar beradi. 

NYT tomonidan ko‘rib chiqilgan ichki yozuvlar shuni ko‘rsatadiki, quyi qo‘mita hatto eng kichik jihatlarni ham tekshiradi. Nashrning yozishicha, o‘tgan yilgi yig‘ilishlardan birida komissiya Finlandiyaning Nokian shina kompaniyasiga tegishli mitti kvartirani 59 ming dollarga sotishni ma’qullagan. 

«Uzoq muddatli o‘yin» 

Rossiya «iqtisodiy javob zarbasi» urushdan manfaatdor elitaning qo‘llab-quvvatlashini kuchaytirishga va RFning yakkalanib qolishi oqibatlarini yumshatishga yordam berdi, deya xulosa qiladi NYT. «Ukraina xalqaro qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish tashvishida bo‘lsa-da, nisbatan barqaror Rossiya iqtisodiyoti «uzoq muddatli o‘yin o‘ynashga» imkon beradi, deya ta’kidlaydi nashr. 

Shu bilan birga, nashrga ko‘ra, g‘arb kompaniyalarining Rossiya bozorini tark etish to‘lqini «Rossiya biznesdan chetlatilgani haqidagi global signalga aylandi». Mualliflar ta’kidlashicha, RFning g‘arb kompaniyalari ketishiga munosabati «Rossiyaning biznes yuritish uchun xavfli joy sifatidagi imijini kuchaytirdi», xolos. «Hatto ba’zi yuqori martabali rossiyalik amaldorlar raqobatning qisqarishi va xorijiy investitsiyalar uzoq muddatda oddiy rossiyaliklar va mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazishini tan olyapti», deydi jurnalistlar. 

 

Mavzuga oid
Top