Jahon | 11:21 / 19.12.2023
5595
3 daqiqa o‘qiladi

KXDR raketalar uchirilishini AQShning «dushmanlik harakatlari»ga javob deb atadi

Pxenyan Koreya Respublikasi va AQShning yadroviy rejalashtirish bo‘yicha maslahat guruhi uchrashuvini, mintaqadagi manyovrlarning kengayishi va Amerika yadro qurolining Koreya yarimoroliga o‘tkazilishini qoraladi.

Foto: File/KCNA via REUTERS

Shimoliy Koreya 18 dekabr, dushanba kuni «Xvason-18» qit’alararo ballistik raketasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Koreya markaziy axborot agentligi (KMAA) bayonotida aytilishicha, uchirish AQSh va Koreya Respublikasining «dushmanlik harakatlari»ga javob bo‘lgan. Pxenyan ushbu ikki davlatning yadroviy rejalashtirish bo‘yicha maslahat guruhining Vashingtonda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishidan, mintaqada harbiy mashg‘ulotlar kengaytirilganidan, shuningdek, Amerika yadro qurollarining Koreya yarimoroliga o‘tkazilishidan noroziligini bildirdi.

Uchirish Pxenyan sharqidagi maydonchadan amalga oshirildi. Raketa havoda 73 daqiqaga yaqin bo‘lgan, parvoz masofasi 1002,3 kilometrni tashkil etgan, deya tushuntirdi Shimoliy Koreya tomoni. Sinovlarni KXDR Davlat kengashi raisi Kim Chen In kuzatgan, deya xabar beradi KMAA. Pxenyanga ko‘ra, mashg‘ulotlar atrofdagi davlatlar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. 

KXDR raketalarini aniqlash va baholash tizimi ishga tushirildi 

Ayni paytda, AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya Shimoliy Koreyaning raketa uchirishlarini aniqlash va baholash tizimini yo‘lga qo‘ydi, bu real vaqt rejimida ma’lumot almashish imkonini yaratadi, deb xabar berdi Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi. Uch mamlakat ushbu tizimni o‘z fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash uchun ishlab chiqdi, deya tushuntirdi idora. Uning ishga tushirilishi uch tomonlama hamkorlikning yangi davri boshlanganidan dalolat beradi, deya ma’lum qildi Seul. 

KXDRning ikkita raketasi 12 soat ichida uchirildi 

17 dekabr oqshomida Shimoliy Koreya qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, raketa taxminan 570 km masofani bosib o‘tgan va dengizga qulagan.

12 soatdan kamroq vaqt o‘tgach, Seul va Tokio Shimoliy Koreya yangi raketa uchirganini e’lon qildi. Yaponiya sohilni qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, raketa uchirilganidan bir soat o‘tib Xokkaydo g‘arbida dengizga qulagan. Tokio Pekindagi diplomatik kanallar orqali norozilik bildirdi, Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol tiyib turish choralarni kuchaytirishni buyurdi, Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreya harakatlarini qoraladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid