O‘zbekiston | 12:30 / 19.12.2023
9302
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisiga hamdardlik yo‘lladi

Xitoyning Gansu va Tsinxay muzofotlarida zilzila oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Tszinpinga hamdardlik yo‘lladi.

Foto: Reuters

Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan, jabrlanganlar shifo topishini tilagan.

Xitoyning markaziy qismida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida kamida 111 kishi halok bo‘ldi. Bunday ma’lumotlar 19 dekabr, seshanba kuni «Sinxua» agentligi va mamlakat markaziy televideniyesi tomonidan ma’lum qilindi. 

Xususan, Gansu provinsiyasida qurbonlar soni 100 kishiga yetdi, yana 11 kishi Tsinxay provinsiyasida halok bo‘ldi. 

Ofat zonasida suv ta’minoti uzilgan, elektr uzatish liniyalari, shuningdek, transport infratuzilmasi obektlari shikastlangan. Xitoy rahbari qurbonlar sonini kamaytirish uchun keng ko‘lamli qidiruv amaliyotini o‘tkazishga chaqirdi. 

Zilzila episentri Gansu provinsiyasida, Tsinxay bilan ma’muriy chegaradan 5 kilometr uzoqlikda bo‘lgan, deya ta’kidladi «Sinxua». Xitoy ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila magnitudasi 6,2 ballni tashkil qilgan. Shu bilan birga, AQSh Geologiya xizmati bu ko‘rsatkichni 5,9 deb baholamoqda. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid