Jamiyat | 18:00 / 19.12.2023
11947
10 daqiqa o‘qiladi

«Yuksalish» harakati Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari reytingini tuzdi

Nomzodlar egallab turgan lavozimi va qarorlar qabul qilishga ta’sir qilish darajasi, iqtiboslarda keltirilishi va taniqliligi va ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surganiga qarab baholangan.

Foto: «Yuksalish» umummilliy harakati

«Yuksalish» umummilliy harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda hamda mintaqa ekspertlari ko‘magida Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari reytingini tuzdi.

Ta’kidlanishicha, reytingga kiritilgan ayollar mintaqada turli sohalarga, shu jumladan siyosat, biznes, ta’lim, fan, san’at va ijtimoiy masalalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Nomzodlar ro‘yxati shakllantirilgach, harakatning mintaqa miqyosidagi ekspertlar guruhiga taqdim etilgan. Ekspertlar nomzodlarni ham matematik, ham empirik metodlarga tayangan holda saralagan.

Saralash jarayonining birinchi bosqichida nomzodlar quyidagilarga qarab baholangan:

  • egallab turgan lavozimi va qarorlar qabul qilishga ta’sir qilish darajasi (10 ball);
  • iqtiboslarda keltirilishi va taniqliligi (10 ball);
  • ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tashabbuslarni ilgari surganligi (5 ball).

Ikkinchi bosqichda mintaqaning 300 yaqin ekspertlar ishtirokida onlayn ovoz berish jarayoni o‘tkazildi. Ovoz bergan ekspertlar tarkibida inson huquqlari bo‘yicha ombudsmanlar, mintaqaning yetakchi «aql markazlari» rahbarlari, parlamentariylar, akademiklar hamda fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bor.

Markaziy Osiyoning top-40 yetakchi ayollari ro‘yxati:

  • Ziroat Mirziyoyeva — «Zamin» xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, O‘zbekistonning birinchi xonimi;
  • Aygul Japarova — «Ene-balaga tirek» jamoat fondi raisi, Qirg‘iziston respublikasi birinchi xonimi;
  • Azizamoh Asadullayeva — Tojikistonning birinchi xonimi;
  • Tanzila Norboyeva — O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi;
  • Dunyogo‘zal Gulmanova — Turkmaniston Milliy Gengesh Mejlisi raisi;
  • Saida Mirziyoyeva — O‘zbekiston prezidenti yordamchisi;
  • Olga Perepechina — Qozog‘iston Senati raisi o‘rinbosari;
  • Jamila Isayeva — Qirg‘iziston respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi (raisi) o‘rinbosari;
  • Dilrabo Mansuri — Tojikiston parlamenti raisi o‘rinbosari;
  • Daniya Yespayeva — Qozog‘iston parlamenti Majilisi raisi o‘rinbosari;
  • Zuhra Ibrohimova — Oliy Majlis spikeri o‘rinbosari;
  • Tamara Duysenova — Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari;
  • Zulayho Mahkamova — O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari;
  • Roza Otunbayeva — BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi rahbari, Qirg‘izistonning sobiq prezidenti;
  • Ozoda Rahmon — Tojikiston prezidentining ijroiya apparati rahbari;
  • Zulfiya Suleymenova — Qozog‘iston prezidenti maslahatchisi;
  • Nurjan Shayldabekova — Qirg‘iziston respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi;
  • Feruza Eshmatova — O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman);
  • Ajar Giniyat — Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri;
  • Aida Balayeva — Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri;
  • Zulfiya Davlatzoda — Tojikiston madaniyat vaziri;
  • Gulnora-Klara Samat — Qirg‘iziston respublikasining Rossiyadagi elchisi;
  • Madina Abilqasimova — Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi raisi;
  • Robaxon Mahmudova — O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari;
  • Umut Shayaxmetova — Qozog‘iston Halyk Bank boshqaruv raisi;
  • Lyazzat Ibragimova — Qozog‘iston «Otbasy banka» boshqaruv raisi;
  • Shoira Sodiqova — Tojikiston «Arvand» banki boshqaruv raisi;
  • Kunsulu Zakariyo — Qozog‘iston Fanlar akademiyasi prezidenti;
  • Svetlana Ortiqova — O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari;
  • Myaxri Byashimova — Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari;
  • Gayane Umerova — O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari o‘rinbosari;
  • Sevara Nazarxon — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist;
  • Aziza Umarova — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit loyiha ofisi rahbari, jamoat arbobi;
  • Gulbahor Mahkamova — Tojikiston Tadbirkor ayollar Milliy assotsiatsiyasining boshqaruv raisi;
  • Nozima Davletova — O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi;
  • Natalya Nikitenko — Qirg‘iziston davlat va siyosat arbobi;
  • Roza Aytmatova — Qirg‘iziston jamoat arbobi, xizmat ko‘rsatgan ta’lim xodimi;
  • Elvira Surabaldiyeva — Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati;
  • Irina Matviyenko — O‘zbekistondagi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi;
  • Dinara Oshurakunova — Qirg‘iziston «Demokratiya va fuqarolik jamiyati uchun» koalitsiyasi eksperti.

Ekspertlar Tanzila Norboyeva O‘zbekiston tarixida Senatga raislik qilayotgan ilk ayol bo‘lganini ta’kidlashgan. Bungacha u Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. «Shuhrat» medali, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2019 yilda «Eng faol davlat arbobi – O‘zbekistonda yil odami» cifatida e’tirof etilgan.

Roza Otunboyeva Markaziy Osiyodagi birinchi ayol prezident. Bugunda Qirg‘iziston respublikasi rivojiga ko‘p tomonlama hissa qo‘shayotgan «Roza Otunboyeva tashabbusi» jamoat fondi asoschisi. U yetakchilik, diplomatiya, faol fuqarolik va xalqaro hamkorlik sohalarida 35 yildan ortiq kasbiy tajribaga ega. Fuqarolik jamiyati, davlat va xususiy sektorlar hayotini yaxshilashga qo‘shgan hissasi uchun Kuvayt mukofoti bilan taqdirlangan.

Ekspertlar, shuningdek, Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi Zamin fondi sog‘liqni saqlash, ta’lim, ayollar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va qariyalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelayotganini e’tirof etdi. Birinchi xonim xalqaro miqyosdagi yirik anjumanlar, sammitlarda faol ishtirok etib, ijtimoiy muloqotni mustahkamlashga, o‘zbek jamiyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Ozoda Rahmon Tojikiston hukumatida yuqori lavozimlardagi faoliyatidan tashqari, o‘zining xayriya ishlari, mamlakatda ayollar huquqlari va ta’lim sohasidagi islohotlarga ta’sir ko‘rsatishi bilan tanilgan.

Qozog‘iston prezidenti huzuridagi Fanlar akademiyasi prezidenti Kunsulu Zakariyo biologiya fanlari doktori, professor, Al-Farobiy nomidagi fan va texnika sohasidagi Davlat mukofoti laureati. Olima ayol Qozog‘iston ilm-fanini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. U COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi QazCovid-in (QazVac) vaksinasini ishlab chiqdi. 200 dan ortiq ilmiy nashrlar hamda ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar, monografiyalar, ixtirolar va me’yoriy-texnik hujjatlar muallifi.

Myahri Byashimova Turkmaniston tashqi ishlar vazirligidagi faoliyatidan tashqari, «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish, yangi ekologik toza texnologiyalardan foydalanishga oid loyihalarni faol ilgari suradi, bu bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi yig‘ilishlarida ishtirok etib keladi.

Umut Shayaxmetova Qozog‘istonda ayol biznes yetakchilaridan biri. U boshqarayotgan Xalq banki Markaziy Osiyodagi yirik banklardan biridir. 2023 yilda nufuzli xalqaro nashr – International Banker’ga ko‘ra, Sharqiy Yevropadagi eng yaxshi bank deb topildi. Shuningdek, Qozog‘iston Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti bo‘lgan birinchi ayoldir.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, shuningdek, gender tengligi masalalari bo‘yicha faollik ko‘rsatib,  xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Jamiyatdagi muammolarni ko‘tarib, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga munosabatini bildirib keladi. Xalqaro minbarlarda O‘zbekiston nomidan so‘zga chiqib, yirik ta’limiy va madaniy, ekologik loyihalarni taqdim etmoqda.

34 yoshli Dunyogo‘zal Gulmanova Turkmaniston tarixida parlamentning eng yosh spikeri hisoblanadi. Ekspertlar uning ushbu lavozimga saylanishini mamlakat siyosiy manzarasida muhim o‘zgarishlardan darak ekanini ta’kidlagan. Oxirgi parlament saylovlari natijalariga ko‘ra, deputatlarning 25,60 foizini ayollar tashkil etdi. Deputatlar tarkibi sezilarli darajada yoshardi: qariyb 10 foizi 30 yoshgacha, 40,80 foizi esa 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir.

«So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqot qilishi, hamkorlik aloqalarini kengaytirishi, tajriba almashishi uchun platforma yaratildi. Xususan, 2021 yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining ilk muloqoti O‘zbekistonda bo‘lib o‘tdi. Muloqot natijasida Markaziy Osiyo ayollarining davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, ta’lim, fan, san’at, gender tengligi va umuman barqaror rivojlanish sohalarida o‘zaro hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlarining tadbirkor ayollari ishtirokida biznes forumlar tashkil etildi», deyiladi «Yuksalish» harakati xabarida.

Mavzuga oid