Jahon | 23:05 / 20.12.2023
7479
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar qiyin kechmoqda – OAV

Isroil garovdagilarning barchasi ozod etilishini istayapti, HAMAS dastlab o‘t ochish to‘xtatilishini talab qilmoqda. 

Foto: Getty Images

Isroil va HAMAS guruhi o‘rtasida 7 oktyabr kuni garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda, tomonlar hali yakuniy kelishuvga erishgani yo‘q. Bu haqda Isroil rasmiylariga tayanib, CNN xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Isroil bu safar garovga olinganlarning hammasi ozod etilishini talab qilmoqda, HAMAS esa og‘ir jinoyatlarda ayblangan, avvalgidan ko‘ra ko‘proq falastinliklarning qamoqdan ozod etilishini talab qilmoqda. Mahkumlarni va garovga olinganlarni almashtirish bilan bog‘liq sulh bir yoki ikki hafta davom etishi mumkin. 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ma’muriyatiga ko‘ra, HAMAS 7 oktyabr kuni garovga olingan 129 nafar isroillikni ushlab turibdi, ulardan 108 nafari tirik. 

HAMAS siyosiy byurosi a’zosi G‘ozi Hamad Al-Jazira guruhning ustuvor vazifasi urushni tugatish ekanligini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, «ba’zilar» jangovar harakatlarda bir necha kun yoki haftaga qisqa pauza bo‘lishiga umid qilmoqda, biroq bu HAMAS va falastinliklarning manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. 

«Isroil garov kartasini o‘ynaydi va shundan so‘ng ular xalqimizni ommaviy qirg‘in qilishning yangi bosqichini boshlaydi», dedi Hamad. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS janglar to‘xtaganidan keyin G‘azo sektoridagi falastinlik asirlar va garovga olinganlar bo‘yicha «muzokaralar olib borishga» va murosaga kelishga tayyor.

Mavzuga oid