Jahon | 00:57 / 21.12.2023
7084
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Rossiyaning 720 million yevrolik aktivlarini musodara qilmoqchi – OAV

Federal prokuratura 720 million yevro muzlatilgan mablag‘ni musodara qilishni va davlat budjetini Rossiya aktivlari hisobidan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.

Foto: DPA

Germaniya bosh prokurori Peter Frank Rossiya jamg‘armalaridan yuzlab million yevro undirishga qaror qildi. Der Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra, departament Frankfurt-Mayn sudiga tegishli ariza bilan murojaat qilgan.

Federal prokuratura 720 million yevro muzlatilgan mablag‘ni musodara qilishni va davlat budjetini Rossiya aktivlari hisobidan to‘ldirishni rejalashtirmoqda.

Gap Rossiya Milliy hisob-kitob depozitariysi (RMD) mablag‘larining musodara qilinishi haqida ketmoqda. Ushbu mablag‘lar Germaniyaning JP Morgan shu’ba bankida saqlanmoqda.

2023 yil iyun oyida RMD Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragan va aktivlari muzlatilgan edi. Nemis matbuotining yozishicha, RMD sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan kuni bankdagi mablag‘larini Rossiya Milliy kliring markazi (MKM) hisob raqamiga o‘tkazishga uringan. Biroq transfer amalga oshirilmagan. Karlsrue federal prokuraturasi, o‘z navbatida, bu harakatlarni YeI sanksiyalarini chetlab o‘tishga urinish deb hisoblagan, shuning uchun endi ular suddan mablag‘larni musodara qilishni so‘ramoqda.

Financial Times gazetasining G7 hujjatiga tayanib yozishicha, G‘arb davlatlari o‘zini Ukrainadagi urush jabrdiydasi deb tan olish orqali Rossiyaning muzlatilgan suveren aktivlarini musodara qilishni qonuniylashtirishi mumkin. Bundan tashqari, Yevropa davlatlari keyinchalik Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) orqali ushbu mablag‘larni Ukrainaga qonuniy ravishda o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Bunday taklif AQSh tomonidan bildirilgani aytilmoqda.

Mavzuga oid