Jahon | 09:51 / 21.12.2023
4220
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi universitet «nomaqbul» kitoblarni saqlagani uchun jarimaga tortildi

Yopiq fondda saqlangan kitoblar Rossiyada «nomaqbul tashkilotlar» haqidagi modda hali mavjud bo‘lmaganda nashr etilgan. Sud ulardan barcha kutubxona kartalari egalari foydalanishi mumkin bo‘lgan deb hisobladi.

Foto: Daniel Kalker/picture alliance

Sankt-Peterburgning Dzerjinskiy tuman sudi Yevropa universitetini faoliyati istalmagan deb topilgan xorijiy yoki xalqaro nohukumat tashkiloti ishida ishtirok etish moddasi bo‘yicha 70 ming rubl miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda 20 dekabr, chorshanba kuni Sankt-Peterburg sudlarining qo‘shma matbuot xizmati o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Xabarda ta’kidlanishicha, 2023 yil 17 may kuni o‘tkazilgan tekshirish chog‘ida universitet kutubxonasida xorijiy tashkilotlar – «Ochiq jamiyat institutiga ko‘maklashish jamg‘armasi» (OSI Assistante Foundation) va Vudro Vilson Xalqaro markazi bo‘linmasi hisoblanuvchi «Vudro Vilson markazining Kennan instituti» ko‘magida chop etilgan kitoblar topilgan. Ular Rossiya Federatsiyasi hududida faoliyati nomaqbul deb tan olingan xorijiy va xalqaro nodavlat tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bilan birga, matbuot xizmati ta’kidlaganidek, kitoblar «kutubxona kartasini ko‘rsatgan asosiy ta’lim va qo‘shimcha ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan shaxslar, universitet professor-o‘qituvchilari va xodimlariga berilgan». 

Universitet ayblovlarga rozi emas. Uning ta’kidlashicha, sakkizta kitob 1997 yildan 2004 yilgacha nashr etilgan va oxirgisi 2009 yilda, Rossiyada «nomaqbul tashkilotlar» haqidagi modda hali mavjud bo‘lmaganda universitetga berilgan. Ular orasida, xususan, Lao-Tszi falsafasi talqiniga bag‘ishlangan monografiya, Rossiyada internetning rivojlanishiga bag‘ishlangan tadqiqot, muzeylar bo‘yicha seminar uchun ma’ruzalar to‘plami bor. Rossiyada tegishli qonun qabul qilingandan so‘ng, «nomaqbul tashkilotlar» ko‘magida nashr etilgan kitoblar yopiq fondga joylashtirilgan va o‘quvchilarga berilmagan. Biroq bu dalil prokuratura tarafini olgan sudni ishontira olmadi. 

Yevropa universiteti rahbariyati sud qarori ustidan shikoyat qilmoqchi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid