Jahon | 23:05 / 25.12.2023
19488
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina jang maydonida taktikani o‘zgartirmoqda – OAV 

AQSh yangi yordam paketining tarkibi Ukraina taktikasi o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. 

Foto: AP

Qo‘shma Shtatlarning yangi yordam paketi tarkibi Ukrainaning jangovar zonadagi strategiyasi o‘zgarayotganidan dalolat beradi. Bu haqda Amerikaning Forbes jurnali tegishli hujjatga tayangan holda yozdi. 

Qayd qilinishicha, agar navbatdagi yordam paketi qabul qilinsa, Vashington HESCO bastionlarini Kiyevga topshirish niyatida. Ular fortifikatsiya (mudofaa istehkomlarini qurish) uchun mo‘ljallangan. 

«HESCO bastionlari — kub shaklida payvandlangan temir to‘rdan iborat yig‘ma savat bo‘lib, ular tuproq bilan to‘ldiriladi va devor hosil qilish uchun birlashtiriladi», deb tushuntirdi nashr. 

Ushbu bastionlar tezkor mudofaa istehkomlarini shakllantirish uchun zarur. Bunday tuzilmalarni qurish uchun atigi bir necha soat ketadi va ular ko‘plab turdagi raketalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbalariga dosh bera oladi. 

Shu sababli, kuzatuvchilar Ukraina Qurolli kuchlari uzoq muddatli mudofaaga o‘tishni rejalashtirmoqda, degan xulosaga kelgan. Material mualliflari ta’kidlaganidek, bunday qarorga chet ellik hamkorlar yordami hajmining tez qisqarishi sabab bo‘lishi mumkin. 

21 dekabr kuni amerikalik kongressmenlar Ukrainaga yangi yordam paketi bo‘yicha kelishuvga erishmasdan yangi yil ta’tiliga chiqdi. Biroq parlament yuqori palatasidagi demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer so‘zlariga ko‘ra, Senat tanaffus vaqtida ham bu boradagi maslahatlashuvlarni davom ettiradi.

 

Mavzuga oid