Jahon | 13:14 / 26.12.2023
7775
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu: Isroil XAMASga qarshi hujumlarini kuchaytiradi

Yaqin kunlarda Isroil armiyasi HAMAS harakatining G‘azo sektoridagi pozitsiyalariga qarshi hujumlarini kuchaytiradi, dedi Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu. Uning fikricha, urush uzoq davom etadi.

Foto: Avi Ohayon/GPO/Handout via AP/picture alliance

Yaqin kunlarda Isroil armiyasi HAMAS harakatining G‘azo sektoridagi pozitsiyalariga qarshi hujumlarini kuchaytiradi. Bu haqda 25 dekabr, dushanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘zining «Likud» partiyasi a’zolari oldida chiqishida aytib o‘tdi. Bundan oldin Netanyahu Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo sektori shimolidagi pozitsiyalariga tashrif buyurib, ularning qo‘mondonlari bilan gaplashgan.

«Ularning barchasi (Isroil harbiylari) mendan bir narsani so‘radi: biz oxirigacha kurashishni davom ettirishimizni, - dedi Isroil bosh vaziri. - Va biz to‘xtamaymiz, hujumimizni davom ettiramiz va uni kuchaytiramiz. Bu urush uzoq davom etadi va u yaqin orada tugamaydi».

Shu kuni Isroil parlamentida so‘zlagan Netanyahu guruhga harbiy bosimni kuchaytirmasdan turib, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish mumkin emasligini aytdi. Bunga javoban zalda bo‘lgan isroillik garovga olinganlarning qarindoshlari hayqirib, yaqinlarini har qanday holatda ham ozod qilish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishni talab qildi.

G‘azoda ikki kun ichida 100 nafar tinch aholi o‘ldirilgani xabar qilinmoqda

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi 25 dekabr kuni ma’lum qilishicha, TsAHAL Falastin eksklavi markazidagi Al-Savayda qishlog‘iga uyushtirgan zarbasi oqibatida kecha tunda 12 kishi, Xon Yunusda esa kamida 18 kishi halok bo‘lgan. Yakshanba kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilni G‘azo sektori markazidagi Al-Mag‘ozi qochqinlar lageriga hujum uyushtirganlikda aybladi, buning natijasida, departamentga ko‘ra, kamida 70 kishi halok bo‘ldi.

Shu bilan birga, falastinlik jangchilar G‘azo sektoridan Isroilga bir necha raketa otgan, ularning aksariyati Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan tutib olingan.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 20 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid