Jahon | 08:23 / 30.12.2023
7574
4 daqiqa o‘qiladi

Polsha Rossiyaga raketalari uchib o‘tishiga qat’iy munosabat bildirishga va’da berdi

Rossiya Federatsiyasining muvaqqat ishlar vakili Polsha tashqi ishlar vazirligiga Rossiya raketasining mamlakat hududi ustidan uchib o‘tgani sababli chaqirildi.

Foto: AP

Varshava o‘z havo hududini Rossiya tomonidan buzilganiga nisbatan qat’iyroq javob qaytaradi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladislav Teofil Bartoshevskiy 29 dekabr, juma kuni Rossiya Federatsiyasining Polshadagi muvaqqat ishlar vakili Andrey Ordashga. U Polsha tashqi ishlar vazirligiga norozilik notasini taqdim etish uchun chaqirilgan, bu haqda Polsha vazirligi saytida xabar berildi.

Ordashga 29 dekabr kuni Rossiya raketasining Polsha hududi uzra parvozi munosabati bilan norozilik notasi topshirildi. Raketa Rossiya kuchlari tomonidan Ukraina shaharlarini tunda ommaviy o‘qqa tutish vaqtida uchirilgan – Kiyev uni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri eng yirik havo hujumi deb atamoqda. 

Polsha tashqi ishlar vazirligi Moskvadan mamlakatning «mudofaa samaradorligini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha» provokatsiyalarini to‘xtatishni talab qildi, deb yozadi WPolityce portali Bartoshevskiyga tayanib. Polsha vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda Varshava voqea yuzasidan boshqa qadamlar qo‘yish niyatida emas, biroq kelajakda uning munosabati keskinroq bo‘ladi. 

Rossiya raketasi qisqa vaqt ichida Polsha havo hududiga uchib kirdi 

29 dekabr kuni ertalab Polsha Qurolli kuchlari tezkor qo‘mondonligi Ukraina hududidan «noma’lum havo obekti» mamlakat havo hududiga kirganini ma’lum qildi. Polsha harbiylari uni Ukrainaga uyushtirilgan hujumda foydalanilgan Rossiya raketasi deb hisoblamoqda. 

Shu bilan birga, raketa urib tushirilmadi va qulamadi - u Polsha havo hududini tark etib, umumiy Polsha hududida taxminan 40 km masofani bosib o‘tdi. Keyinchalik Bartoshevskiy Polsha harbiylari ushbu raketaning turini bilishini aytdi, ammo bu haqdagi ma’lumotlar maxfiylashtirildi.

Polsha hududiga S-300 raketasi qulagan 

2022 yil 15 noyabr kuni Polsha-Ukraina chegarasidan 10 km uzoqlikda joylashgan Prjyevodov qishlog‘i hududiga «Rossiyada ishlab chiqarilgan» raketa quladi va ikki mahalliy aholi vakili halok bo‘ldi. 

Kiyev dastlab bu hodisada Rossiya Federatsiyasini aybladi, biroq Polsha prezidenti Anjyey Duda voqeaning ertasiga qulagan raketa katta ehtimol bilan Ukrainaning S-300 havo mudofaa tizimiga tegishli ekanligini aytdi. 

Dudaning qayd etishicha, bu ataylab qilingan hujum bo‘lmagan. Raketa havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlaridan biri tomonidan uchirilgan bo‘lib, u Rossiyaning Ukraina muhim infratuzilmasiga navbatdagi yirik hujumini qaytargan, uning davomida Ukrainaga 100 ga yaqin raketa uchirilgan. 

Ushbu voqea munosabati bilan Germaniya Polshaga mamlakat janubida Ukraina bilan chegaraga yaqin joyda uchta Patriot havo mudofaa tizimiga ega maxsus Bundesver missiyasini vaqtincha joylashtirishni taklif qildi. Havo hujumidan mudofaa tizimlari 2023 yil noyabr oyida Polshadan olib chiqilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid