O‘zbekiston | 13:29 / 30.12.2023
8467
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda birovning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirgan shaxs ushlandi

U o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, ikki nafar ayolni aldagan va ularning nomiga 54 mln so‘m kredit olgan.

Samarqand viloyatida ikki nafar ayolning nomiga firibgarlik yo‘li bilan kredit olgan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatida yashovchi U.O. hamda B.X. IIBga murojaat qilib, ularning nomiga noma’lum sabablarga ko‘ra onlayn kredit rasmiylashtirilganligini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Samarqand viloyati Ishtixon tumanida yashovchi muqaddam sudlangan, 28 yoshli A.Sh. sodir etgani aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, A.Sh. ayollarga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini bank operatori sifatida tanishtirib, SMS-xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.

So‘ng ularning nomidan mobil ilova orqali ro‘yxatdan o‘tib, onlayn tarzda 27 mln so‘mdan jami 54 mln so‘m onlayn kredit rasmiylashtirib, o‘zining bank kartasiga o‘tkazib olgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.Sh.ning fosh etilmagan shu turdagi boshqa jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "b" bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid