Jahon | 15:33 / 01.01.2024
8976
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya uchta razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishni rejalashtirmoqda

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakatning kosmik va yadroviy dasturlari rivojlanayotgani to‘g‘risida e’lon qildi. 

Foto: AFP

Shimoliy Koreya 2024 yilda yana uchta razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 31 dekabr, yakshanba kuni Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi. 

Xabarda aytilishicha, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi yig‘ilishida tegishli rejalarni e’lon qilib, sun’iy yo‘ldosh uchirilishini kelasi yil uchun eng muhim siyosiy qarorlardan biri deb atagan. U AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi uch tomonlama hamkorlikni tanqid qilib, bu «Koreya yarimorolidagi vaziyatni xavfli tusga olib kelayotganini» bildirdi. «AQSh uzoq vaqtdan beri Koreya yarimorolidagi vaziyatni yomonlashtirib, bizga tahdid solmoqda», - dedi Kim Chen In. 

Pxenyan noyabr oyida ilk razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirdi 

21 noyabr kuni Shimoliy Koreya o‘zining birinchi razvedka yo‘ldoshi - «Malligyon-1»ni uchirdi. 2 dekabr kuni KXDR razvedka sun’iy yo‘ldoshidan foydalanish bo‘yicha boshqarma ish boshladi. Sinov amaliyoti doirasida, Pxenyan ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh Oq uy, Pentagon, shuningdek, AQSh, Koreya Respublikasi va Yaponiyadagi qator harbiy obektlar tasvirlarini uzatgan. 

Agentlik ma’lumotlariga qaraganda, Kim Chen In 2024 yilda yadro qurolini ishlab chiqarish rejasini amalga oshirish uchun «kurash olib borilishi» va ushbu turdagi qurollar ishlab chiqarishni izchil oshirish imkonini beradigan «ishonchli asos yaratilishini» ta’kidlagan.

Mavzuga oid