O‘zbekiston | 20:53 / 03.01.2024
18247
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda havo ifloslanishi “juda xavfli” darajaga chiqdi

3 yanvar oqshomida poytaxt havosi tarkibidagi PM2,5 zarralari miqdori JSST belgilagan me’yordan 35 barobarga oshib ketib, Toshkent havo ifloslanishi reytingida dunyo shaharlari orasida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Foto: Kun.uz

3 yanvar kuni Toshkent shahrida havo ifloslanishi yana yuqori darajaga chiqdi.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, tongi soat 8:00 holatiga poytaxt havosi tarkibidagi PM2,5 mayda dispersli zarralar 1 metr kub havoda 67,5 mikrogrammga yetgan. Bu – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan (5 mkg/m3) 19 barobarga ko‘p.

Shunga ko‘ra, IQAir portali 3 yanvar tongida Toshkent havosining sifat ko‘rsatkichini “xavfli” toifaga kiritgan edi.

Oqshomga yaqin havo ifloslanishi yanada ortib, soat 18:00 holatiga “juda xavfli” toifasiga o‘tdi: 1 metr kub havo tarkibidagi PM2,5 konsentratsiyasi 173 mikrogrammga yetdi. Bu – JSST tavsiya qilgan me’yoriy ko‘rsatkichdan 35 barobarga yuqori.

Toshkent shahri havosi tarkibida PM2,5 zarralarining 1-3 yanvar kunlaridagi konsentratsiyasi. IQAir saytidan skrinshot

Ushbu natija bilan Toshkent shahri 3 yanvar oqshomida dunyo shaharlari orasida havo ifloslanishi bo‘yicha 2-o‘ringa chiqdi.

3 yanvar soat 18:00 atrofida Toshkent havosi eng iflos shaharlar reytingida bir muddat 2-o‘ringacha ko‘tarilib, so‘ng pasaya boshladi.

Soat 20:50 holatiga PM2,5 zarralari 104 mkg/m3 miqdorida – “xavfli” darajada qolmoqda.

Mavzuga oid