Jahon | 12:10 / 04.01.2024
6885
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Group-IB vorisining top-menejyeri Kislitsinni Rossiyaga topshirdi

Kislitsin katta hajmdagi tovlamachilik va qonun bilan himoyalangan kompyuter ma’lumotlariga noqonuniy kirishda ayblanmoqda.

Nikita Kislitsin Foto: Youtube / GroteckBiz

Qozog‘iston bosh prokuraturasi F.A.C.C.T. kiberxavfsizlik kompaniyasi (Rossiya va MDHda ilgari Group-IB) xodimi Nikita Kislitsin Rossiyaga ekstraditsiya qilinganini tasdiqladi. Bu haqda 3 yanvar, chorshanba kuni TASS agentligi xabar berdi.

«2023 yil 21 dekabrda Kislitsin belgilangan tartibda Rossiya huquq-tartibot idoralari vakillariga topshirildi», — deyiladi departament matbuot xizmati xabarida. 

Kislitsin 2023 yil iyun oyi oxirida Qozog‘istonda qo‘lga olingan edi. Uning ekstraditsiyasini Qo‘shma Shtatlar so‘ragan, u yerda Kislitsin 2012 yilda Formspring ijtimoiy tarmog‘idan sherigi tomonidan o‘g‘irlangan ma’lumotlarni sotish bo‘yicha ishda ayblanmoqda. Ushlanganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi Kislitsinni qonun bilan himoyalangan kompyuter ma’lumotlariga noqonuniy kirgani uchun qidiruvga berdi. 

Ushbu modda bo‘yicha eng kam jazo 500 ming rublgacha jarimani nazarda tutadi, eng ko‘pi - 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Bundan tashqari, Kislitsin bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan yirik miqdordagi tovlamachilikda ayblanmoqda. 

AQSh va Rossiya Kislitsin ekstraditsiyasini talab qildi 

2023 yil 29 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari Ulan Bayjanov Qozog‘iston rasmiylari Kislitsinni ekstraditsiya qilish bo‘yicha Moskva va Vashingtondan kelib tushgan so‘rovlarni o‘rganishini bildirdi. Biroq o‘sha kuni bir qator rus ommaviy axborot vositalari Qozog‘iston bosh prokurori o‘rinbosariga tayanib, Rossiya Federatsiyasining so‘rovi Amerika so‘rovidan ustun bo‘lishini xabar qildi. 

Avgust oyida Qozog‘iston Kislitsinni AQShga ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi. F.A.C.C.T kompaniyasi - Group-IB firmasining vorisi. Uning hammuassisi Ilya Sachkov 26 iyul kuni Rossiyada davlatga xiyonat qilishda ayblanib, 14 yilga qamaldi. Nikita Kislitsin F.A.C.C.T’da murakkab kiberhujumlarga qarshi kurashish bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 

Mavzuga oid