10:17 / 06.01.2024
9041

Ukrainaning valuta zaxiralari g‘arb tufayli 42 foizga oshdi

Ukrainaning valuta zaxiralari 1 yanvar holatiga taxminan 37 milliard yevroni tashkil qildi. Biroq, Kiyev uchun yangi moliyaviy dasturlar hozircha keyinga qoldirilgan.

Foto: AP

Ukrainaning valuta zaxiralari 2023 yilda g‘arb moliyaviy yordami evaziga sezilarli darajada – 42 foizga o‘sdi: 1 yanvar holatiga ko‘ra, ular 40,5 milliard dollar (konversiyada – 37 milliard yevro)ni tashkil etdi, deb xabar berdi Ukraina Milliy banki juma, 5 yanvar kuni. «O‘tgan yili Ukraina misli ko‘rilmagan global moliyaviy yordam oldi», deyiladi Milliy bankning rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda.

O‘tgan yili Kiyev uchun eng yirik moliyaviy donor Yevropa Ittifoqi bo‘ldi: Ukraina Milliy banki ma’lumotlariga ko‘ra, uning ulushi taxminan 18 milliard yevroni tashkil etdi. AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya va boshqa bir qator davlatlar Jahon banki fondi orqali jami 15 milliard yevroga yaqin mablag‘ o‘tkazdi. Kiyevga Xalqaro valuta jamg‘armasidan 4 milliard yevroga yaqin mablag‘ kelib tushdi.

Reuters agentligi keltirgan Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil fevral oyi oxiridan beri Ukraina 73,5 milliard dollar (67,5 milliard yevro)dan ortiq moliyaviy yordam olgan. Mamlakat o‘z budjeti daromadlarining katta qismini, masalan, soliqlarni, armiyani moliyalashtirish va Rossiya hujumidan mudofaalanish uchun sarflaydi. Ukraina hukumatiga g‘arbdan pul birinchi navbatda pensiya, maosh to‘lash va ijtimoiy xarajatlar uchun kerak.

Yangi moliyalashtirish dasturlari hozircha to‘xtatilgan

Dekabr oyida Ukrainaga umumiy qiymati 50 milliard yevro bo‘lgan moliyaviy yordam Yevroittifoq budjetiga kiritilmadi, chunki Vengriya bunga rozi bo‘lmadi. Yanvar oyida Bryusselda Yevropa Ittifoqining navbatdan tashqari sammiti o‘tkazilishi kerak, uning ishtirokchilari Ukrainani moliyalashtirish masalasini yana muhokama qiladi. Yevropa Ittifoqi, agar kelishuvga erisha olmasa, Vengriya vetosini chetlab o‘tib, Kiyevga 2027 yilgacha 20 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratish bo‘yicha «B rejasi»ni tayyorlamoqda, deb xabar berdi Financial Times dekabr oxirida manbalarga tayanib. 

Bundan tashqari, Ukrainaga favqulodda yordam so‘rovi AQSh Kongressida bloklangan, chunki respublikachilar, boshqa narsalar qatori, bu qarorni ichki immigratsiya qonunlarini sezilarli darajada kuchaytirish bilan bog‘lab qo‘ymoqchi. Oktyabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden kongressmenlarga Ukraina, Isroil va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi operatsiyalar uchun 106 milliard dollar miqdorida favqulodda moliyalashtirish so‘rovini yubordi, shundan 61 milliard dollar (56 milliard yevro) Kiyev uchun mo‘ljallangandi. Qonun chiqaruvchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelisha olmadi. AQSh Kongressi masalani yanvar oyida ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. 

Mavzuga oid
Top