Jahon | 15:27 / 06.01.2024
5348
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada zilzila qurbonlari soni 100 kishidan oshdi

Mahalliy rasmiylar 110 kishi halok bo‘lgani, 210 kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi. Qutqaruv ishlari zarar yetgan avtomobil yo‘llari va ob-havo sharoiti tufayli murakkablashmoqda. Bosh vazir Kishida yordam yetkazib berishni kechiktirmaslikka chaqirdi.

Foto: Picture Alliance

Yaponiyada ketma-ket sodir bo‘lgan zilzilalar qurbonlari soni 110 kishiga yetdi. Mahalliy hokimiyat bunday ma’lumotlarni 6 yanvar, shanba kuni taqdim etdi. Yana 210 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu mamlakat janubi-g‘arbidagi Kumamoto prefekturasida sodir bo‘lgan zilzilalar 270 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan 2016 yildan beri eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichidir.

Bosh vazir Fumio Kishida favqulodda yig‘ilish chog‘ida vazirlarni transport tarmog‘idan uzilgan hududlarda aholiga yordam yetkazish uchun imkon qadar tezroq yo‘llarni tiklashga chaqirdi. Vayronalar ostidan omon qolganlarni qidirish davom etmoqda, biroq qutqaruv ishlari nafaqat zarar yetgan avtomobil yo‘llari, balki ob-havo sharoiti, shuningdek, mingga yaqin ko‘chkilar oqibatlari tufayli ham murakkablashmoqda.

Isikavaning o‘n minglab aholisi - elektr va suv ta’minotisiz

1 yanvar kuni Yaponiya markaziy qismida zilzila yuz berdi, uning magnitudasi 7,6 ni tashkil etdi. Keyingi kunlarda takroriy silkinishlar kuzatildi. Zilzila episentri Noto yarimorolida bo‘lib, u yerda ko‘plab binolar zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan. Isikava prefekturasining Vadzima shahrida yong‘in natijasida tarixiy bozor mavzelariga jiddiy shikast yetgan.

Xuddi shu hududda 24 mingga yaqin xonadon elektr energiyasi, 66 mingdan ortiq xonadon esa suv ta’minotisiz qolgan. 30 mingdan ortiq odam boshpanalarga joylashtirildi. Bir necha qirg‘oq prefekturalarida sunami haqida ogohlantirishlar e’lon qilindi. 

Zilzilalar Yaponiyada keng tarqalgan tabiiy hodisadir. Ko‘p hollarda zarar minimal bo‘ladi, bu qat’iy qurilish qoidalariga bog‘liq. So‘nggi 5 yil ichida Noto yarimorolida zilzilalar tez-tez sodir bo‘lyapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid