Jahon | 13:34 / 08.01.2024
3161
3 daqiqa o‘qiladi

Sharl Mishel Yevrokengash rahbari lavozimini muddatidan oldin tark etishi mumkin

Yevropa yetakchilari qisqa vaqt ichida voris bo‘yicha kelishib olishi kerak, aks holda Mishelning o‘rnini vaqtincha Vengriya bosh vaziri Viktor Orban egallashi mumkin.

Foto: Ksenia Kuleshova/Bloomberg

Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Yevropada yozgi saylovlarda Belgiya liberallari vakili sifatida ishtirok etish niyatida ekanini aytdi. «Men 2024 yil iyun oyida Yevroparlamentga saylanishga qaror qildim», dedi siyosatchi 7 yanvar, yakshanba kuni Belgiyaning Soir, De Standaard va La Libre Belgique gazetalariga bergan intervyusida.

Agar Mishel saylansa, u Yevrokengash rahbari lavozimini va Yevropa parlamentariysi o‘rnini bir vaqtda egallay olmaydi. Yevroparlamentga saylovlar 6—9 iyun kunlariga belgilangan, Mishelning Yevrokengash raisi sifatidagi vakolati esa 2024 yilning noyabrida tugaydi, shu bois u bu o‘rinni erta tark etadigan vaziyat yuzaga kelishi mumkin. 

Bu Vengriya bosh vaziri Viktor Orban uchun vaqtinchalik Yevrokengash rahbari lavozimini egallash uchun potensial imkoniyatni ochadi, chunki Vengriya 2024 yilning iyulidan dekabrigacha YeI kengashiga raislik qilishi kerak. Bunday holatning oldini olish uchun YeIga a’zo davlatlar rahbarlari Mishel o‘rniga nomzod bo‘yicha oldindan kelishib olishi kerak. 

YeIdagi saylovlar

2019 yilda Sharl Mishel polshalik siyosatchisi Donald Tusk o‘rniga Yevropa kengashi raisi lavozimini egalladi. YeI kengashi raisi lavozimi Lissabon shartnomasiga muvofiq, taxminan 15 yil avval ta’sis etilgan, deb eslatadi AFP. Yevrokengashning amaldagi rahbari YeI sammitlarini tayyorlash va o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lib, unda 27 davlat va hukumat rahbarlari uchrashadi. Kengash yig‘ilishlari odatda Bryusselda tashkil etiladi. 

Yevropa saylovlarida Yevroparlamentning 720 nafar a’zosi besh yillik muddatga saylanadi. U dunyodagi eng yirik transmilliy saylovlar bo‘lib, unda Yevroittifoqning 27 davlatidan 400 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etishi mumkin. Ular o‘tkazilgandan so‘ng YeI boshqaruv organlari – Yevrokengash va Yevrokomissiya rahbarlari almashadi. Yevrokomissiyaga hozir nemis siyosatchisi Ursula fon der Lyayyen boshchilik qilmoqda. 

Viktor Orbanning pozitsiyasi 

Viktor Orban - Vengriya bosh vaziri, milliy-konservativ, o‘ng qanot populistik «FIDES - Vengriya fuqarolik ittifoqi» partiyasi rahbari. U YeIning umumiy siyosatiga qarshi chiqib keladi. Shu tariqa, dekabr oyida Vengriya qarorga veto qo‘yib, 2027 yilgacha Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratishga to‘sqinlik qilishga muvaffaq bo‘ldi. 

Orban Ukraina rahbariyatidan ilgari taqdim etilgan moliyaviy yordamning qanday sarflangani to‘g‘risida hisobot berishni va Vengriya hisobiga Yevroittifoq mablag‘larini o‘tkazishni talab qildi - ular Vengriya sud tizimining mustaqilligiga shubha tufayli Bryussel tomonidan muzlatib qo‘yilgan. Bryusseldagi dekabr sammiti arafasida ushbu mablag‘larning 10 milliardi Vengriya uchun ajratilib berildi.

Mavzuga oid