Jahon | 14:03 / 10.01.2024
3925
3 daqiqa o‘qiladi

Huquq himoyachisi: RFda kuzgi chaqiruvda o‘zboshimchalik bo‘yicha rekord o‘rnatildi

Birgina Moskvaning o‘zida so‘nggi chaqiruv natijalariga ko‘ra chaqiruv komissiyasi javobgar bo‘lgan 1117 ta holat qayd etilgan.

Foto: Sergey Petrov/NEWS.ru

Rossiyada 2023 yilgi kuzgi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv yoshlar huquqlarining buzilishi soni bo‘yicha mamlakat butun zamonaviy tarixidagi eng jiddiysi bo‘ldi, deb xabar qildi fuqarolarga safarbarlikdan qochishda yordam beradigan «Idite lesom» loyihasi Telegram-kanali 9 yanvar, seshanba kuni. Kanal statistik ma’lumotlarni taqdim etdi, unga ko‘ra, 1 oktyabrdan 31 dekabrgacha xavfsizlik kuchlari chaqiruv yoshidagi erkaklarga nisbatan jami 90 ta reyd o‘tkazgan. Odamlar ko‘chada, metroda, savdo markazlarida, klublar va yotoqxonalarda ushlangan. Shu bilan birga, ko‘pchilik sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar va boshqa omillarni hisobga olmasdan, bir kunda harbiy xizmatga ro‘yxatga olingan. Loyiha bunday holatlarning kamida 65 tasini, shuningdek, harbiy komissarlikda majburiy ushlab turish bo‘yicha 109 ta ma’lumotni hisoblab chiqdi.

Harbiy xizmatga kuzgi chaqiruv davrida «Idite lesom» 2981 nafar chaqiriluvchiga huquqiy, psixologik va konsultativ yordam ko‘rsatdi. Shuningdek, loyihaga Ukraina bilan urushda qatnashish uchun shartnoma imzolashga majbur bo‘lgan 15 chaqiriluvchidan shikoyatlar kelib tushdi. 

Rossiyaliklar chaqiruv komissiyasi qaroriga sudda e’tiroz bildirmoqda 

Kuzgi chaqiruv davrida huquqbuzarliklar keng tarqalganligini sud statistikasida ham ko‘rish mumkin. The Moscow Times Moskvada berilgan da’volar reyestridan quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi: 1 oktyabrdan 31 dekabrga qadar chaqiruv komissiyasi javobgar bo‘lgan 1117 ta holat qayd etilgan. Rossiyaliklar xizmatdan bo‘shatish, kechiktirish yoki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun yuborishdan bosh tortilganiga qarshi chiqqan. 

Shu bilan birga, qonunbuzilishlarning katta qismi Moskva va Moskva viloyatida sodir bo‘lyapti. «Ushbu kuzgi chaqiruv o‘zboshimchalik bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Bu o‘zboshimchalik aynan Moskvada sodir bo‘lmoqda», - deya «Shkola prizyvnika» inson huquqlari tashkiloti direktori Aleksey Tabalov so‘zlaridan iqtibos keltiradi The Moscow Times. 

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kuzgi chaqiruvdan so‘ng 130 ming kishi armiyaga jo‘natilgan. Bu so‘nggi to‘rt yilga nisbatan o‘rtacha 8 foizga ko‘p: 2020-2022 yillarda bir chaqiruv davomida 120 ming kishi qurolli kuchlar safiga jalb qilingan. 2019 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar soni 135 ming nafarni tashkil etgan. 

Mavzuga oid