Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh tarixida birinchi marta mahbus azot yordamida qatl qilinadi
Bunga o‘limga olib keladigan inʼeksiyalarda ishlatiladigan dori-darmonlar tanqisligi sharoitida ruxsat berilgani ta’kidlanmoqda.
AQSh tarixida birinchi marta mahbus azot yordamida qatl etiladi, bu 25 yanvar kuni sodir bo‘ladi, deb xabar berdi Alabama shtati sudi. NBC News xabariga ko‘ra, 58 yoshli Kennet Yujin Smitga nisbatan chiqarilgan oliy jazo hukmi shu tarzda ijro qilinadi.
Smit 1988 yilda ruhoniy Charlz Sennet buyurtmasiga ko‘ra, uning xotinini o‘ldirgan. Ruhoniy shu tarzda sug‘urta mukofotini olish va qarzlaridan qutulishni rejalashtirgan.
Smit va uning advokatlari qatlni kechiktirish to‘g‘risida sudga murojaat qilishdi, ammo sud ularning iltimosini rad etdi. Endi qatl belgilangan vaqtda amalga oshiriladi.
Ushbu turdagi qatlda mahbus kisloroddan mahrum qilinadi va faqat azot bilan nafas olishiga yo‘l qo‘yiladi. Azotli gipoksiya bilan qatl qilishga uchta shtatda - Alabama, Oklaxoma va Missisipida ruxsat berilgan, lekin hech qachon qo‘llanilmagan.
Alabama ma’muriyati 2018 yilda o‘limga olib keladigan inʼeksiyalarda ishlatiladigan dori-darmonlar tanqisligi sharoitida ushbu qatl variantiga ruxsat bergan edi. Yangi usul tarafdorlari u og‘riqsiz bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Qo‘shma Shtatlarda o‘lim jazosi, birinchi navbatda, barbituratlarning katta dozalari yordamida amalga oshiriladi. Biroq Yevropa Ittifoqining farmatsevtika kompaniyalariga bunday dori vositalarini jazoni ijro etish muassasalariga sotishni taqiqlovchi qarori tufayli, ayrim shtatlarda ushbu dori vositalaridan foydalanish imkoniyati cheklangan. Bundan tashqari, rasmiylarning ta’kidlashicha, azot gazi bilan qatl qilish o‘limga olib keladigan inʼeksiyalar bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga yordam beradi, masalan, muvaffaqiyatsiz qatl va u bilan bog‘liq sud jarayonlari.
2023 yil holatiga ko‘ra, dunyoda 55 ta mamlakatda o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat berilgan. 2022 yilda ulardan faqat 10 tasida o‘lim jazosi ijro etilgan: AQSh, Xitoy, Eron, Misr, Saudiya Arabistoni, Iroq, Pokiston, Yaman, Viyetnam va Singapur.
O‘zbekistonda o‘lim jazosiga hukm qilish va uni ijro etish taqiqlangan.
Mavzuga oid
09:40
AQSh Senati Eronga qarshi urushni tugatish tarafdori
09:10
AQSh Kubaga nisbatan sanksion bosimni kuchaytirmoqda
22:21 / 23.06.2026
Tramp Eronning muzlatilgan mablag‘lari faqat oziq-ovqat va dori-darmonga sarflanishini aytdi
09:45 / 23.06.2026