Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning 136 nafar fuqarosi Qirg‘izistonga kiritilmadi
Qirg‘izistonga kirishda yangi qoidalar kuchga kirdi.
Qirg‘izistonga kirish qoidalariga rioya qilmagani uchun O‘zbekistonning 136 nafar fuqarosi qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan o‘tkazilmadi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati vakili Melis Pamirov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatga kirishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlar noqonuniy emas. O‘zbekiston fuqarolari respublikada 60 kun davomida hech qanday to‘siqlarsiz qolishi mumkin, shundan so‘ng ular viza olish uchun ariza topshirishi kerak.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik boshqarmasi vakili Azamat Qalisbekov so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar mamlakatda bo‘lishning yangi qoidalariga amal qilmagan.
«Asosiy maqsad – xorijliklarning Qirg‘iziston hududida tegishli hujjatlarsiz cheksiz qolishiga barham berish. Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidan o‘tkazilmagan fuqarolar chiqish va kirish muddatlarini «nollashtirmoqchi» bo‘lgan. Endi bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Ular mamlakatga kirish maqsadini aniq ko‘rsatishi va ruxsatnoma olishi kerak», dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili.
Raqamli rivojlanish vazirligi huzuridagi Aholini ro‘yxatga olish departamenti migratsiya bo‘limi bosh mutaxassisi Gulbarchin Turduboyeva so‘zlariga ko‘ra, chet ellik fuqaro ro‘yxatdan o‘tayotganda mamlakatga kirish maqsadini ko‘rsatishi va ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomaga ega bo‘lishi kerak.
«Shunda u chiqish va kirishda muammoga duch kelmaydi. Agar siz Qirg‘izistonga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lmasangiz, boshqa davlatda bo‘lsangiz ham, elektron viza olishingiz mumkin», dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil oktyabr oyida chet el fuqarolarining Qirg‘izistonda bo‘lish qoidalari yangilangan edi. Agar chet el fuqarosi mamlakatda 60 kun davomida ro‘yxatdan o‘tmasdan qolsa, u viza uchun ariza topshirishi yoki shu vaqt ichida mamlakatni tark etishi kerak. Ushbu shaxs Qirg‘izistonga faqat 60 kundan keyin qaytishi mumkin.
Mavzuga oid
10:14
O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara hududlarni o‘zaro almashdi
18:20 / 23.06.2026
Qirg‘iziston va O‘zbekiston qishloqlarini almashdi
20:00 / 09.06.2026
“Markaziy Osiyoda xorijiy davlatlarning harbiy bazalariga ehtiyoj qolmagan” - siyosatshunoslar
12:20 / 04.06.2026