O‘zbekiston | 15:23 / 18.01.2024
16606
9 daqiqa o‘qiladi

Betob shahar: Toshkent sog‘lom shaharga aylana oladimi? - shaharsozlar bilan suhbat

Toshkentdagi palapartish qurilishlar, yashillikning kamayishi, infratuzilmaning hanuz aholi uchun moslashmagani yana katta oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shaharsozlar agar shu tendensiya davom etsa, yirik sohaviy muammolar yuzaga kelishidan ogohlantirmoqda. «Ayni vaqt shaharda katta tabaqalashuv jarayoni ketmoqda, yaqin kelajakda o‘ziga xos gettolar paydo bo‘ladi», – deydi shaharsoz Kun.uz bilan suhbatda.

Sog‘lom shahar o‘zi qanday bo‘ladi? U nima uchun zarur, bu borada aholini qanday muammolar qiynayotgani, ularning yechimlari bo‘yicha Toshkent shahri misolida Kun.uz shaharsozlar — Husan Muqimov, Iskandar Soliyev hamda Bobur Sirojyev bilan suhbatlashdi.

– Butun dunyo uchun «sog‘lom shaharlar» qurish masalasi o‘ta dolzarb bo‘lib qolmoqda. Buni hatto JSST ham bot-bot ta’kidlayapti. O‘zi «sog‘lom shahar» deganda nimani tushunasizlar va uni qanday barpo qilish kerak deb hisoblaysizlar?

Husan Muqimov: Shaharda sog‘lom muhitni yaratish... Sog‘lom muhit deganda faqat odamning fiziologik jihatdan sog‘lomligi emas, balki shahar hududida muhit sog‘lomligini yaratish va unga intilish hisoblanadi. Ya’ni nafaqat ijtimoiy, unda har xil yo‘nalishlar bor. Uning ichiga barqaror bo‘lishi, fiziologik sog‘lomlik, ijtimoiy tenglik, ijtimoiy sog‘lomlik kirib ketadi. Umumiy olganda muhit sog‘lom bo‘lishi kerak.

Eng asosiysi, bizda bu borada «maktab», normativ hujjatlarning bazasi bo‘lgan. Haliyam eski hujjatlarni ko‘tarsak, ularning hammasi turibdi. Bizda orada qandaydir uzilish bo‘lgani hisobiga bu tushunchani yo‘qotib qo‘ydik. Faqat zamonaviy tendensiyalardan orqada qoldik xolos.

Zamonaviy tendensiya bu – to‘siqsiz hudud yaratish, yo‘llarda avtomobillar «parkovka»sini to‘g‘ri tashkil qilish, umuman ijtimoiy tenglik. Sobiq sovet davrini ming yomonlasak, u vaqtda ijtimoiy tenglikka harakat qilingan. Kitoblar, normativ-hujjatlarda bu harakat ko‘ringan. Hozir esa bizda sog‘lom shahar barpo qilishning ijtimiy masalalari bo‘yicha bu tenglik yo‘qolib ketyapti.

Toshkentga kelganimga 20 kundan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa, hamma tilga oladigan transport, tirbandlik muammolaridan ham ko‘proq masalalarimiz bor. Ya’ni ijtimoiy tengsizlik, tabaqalanish, hududlarda bolalar maydonchasi o‘rni «parkovka»ga aylanib ketgani, jamoat joylarining yo‘qligi kabi...

Bobur Sirojyev: Sog‘lom shaharni shakllantirish prinsiplariga qarasak, asosiy prinsiplar barqaror shaharlarda qo‘yilgan prinsiplarga deyarli birga-bir to‘g‘ri keladi. Faqat bir qo‘shimcha jihati bor: ijtimoiy sog‘lomlik bo‘lishi lozim. Bu aspekt unga urg‘u beriladigan yondashuv sanaladi. Lekin shu barqaror shaharning ham asosiy umumiy jihatlariga qarasangiz, SSSR davridan kirib kelgan shaharsozlik norma va qoidalarimiz (ShNK) bor, aslida unda ham ko‘p omillar shundoq ham belgilangan.

Masalan, yuqori sinf bolalari uchun ta’lim muassasalari yashash joyidan 15 daqiqalik, boshlang‘ich sinf yoki bog‘cha bolalari uchun 10 daqiqalik uzoq masofada joylashmagan bo‘lishi eski ShNKda ham bor edi. Shunchaki xorijiy davlatlarda tizimlashtirilgan yondashuv bo‘lmagani uchun ular shunday konseptlarni ishlab chiqib, undan foydalanib ancha ilgarilab ketishgan. Bizda bu narsa biroz teskariga burilib qolgan. O‘zi aslini olganda sog‘lom shahar super yangilik emas. Lekin hozirgi kunda juda muhim bo‘lgan, ijtimoiy sog‘lomlikka urg‘u beradigan konsept deb tushunaman.

Iskandar Soliyev: Agar makro darajada qaraydigan bo‘lsak, albatta, hududlarni to‘g‘ri rivojlantirish, ijtimoiy jihatdan to‘g‘ri taqsimlash sog‘lom shahar konsepsiyasiga to‘g‘ri keladi. Mikro darajada qaraydigan bo‘lsak, hududlarning qulaylik darajasi, ya’ni harakatlanishni uzluksiz ta’minlash sog‘lom shahar qurishning asosiy talabi hisoblanadi.

– Ana endi mavzuning ichiga kiradigan bo‘lsak, dastlab muhim nuqtalardan biri – tabiat, yashillik, ekologiyaga to‘xtalib o‘tsak. So‘nggi vaqtlarda mamlakat va aynan Toshkent misolida havo sifati, daraxtlar masalasiga munosabatingiz qanday? Moratoriy bo‘lishiga qaramay nima sabab yashillik butkul yo‘q qilinyapti, jarayon shu tarzda ketaversa, shaharsozlik nuqtai nazaridan bizni qanday muammolar kutyapti?

Bobur Sirojyev: Sog‘lom shahar faqat yashillikni nazarda tutmaydi. Bu jarayonda sog‘lom jamiyatning ham muloqoti bo‘lishi kerak. Muloqot deganda faqat odamlarning munosabati ham bo‘lishi lozim. Ya’ni davlat mexanizm yaratishi, odamlar unga munosabatini bildirishi kerak. Aholi o‘zi yashayotgan hududga befarq bo‘lishi kerak emas. Hozirda aniq bir daraxtlarni saqlab qolishga ham mexanizmlar ishlab chiqiladi, lekin ishlab chiqilgani bilan uning nazorati xalqda qoladi. Har bir individual odam befarq bo‘lmasdan, daraxt yoniga arra bilan kelishdimi, zudlik bilan so‘rashi, ma’lumot olishga urinishi, shunga sharoit yaratadigan mexanizm ham ishlab chiqish kerak.

Katta hududlarni o‘rab olishgan bo‘lsa, odamlar ham katta zonani o‘rab olishgani uning ichida daraxtlar borligini, kesishmoqchi ekanini aytishadi. Lekin mayda mayda qoidabuzarliklar [ekojinoyatlar]ga nisbatan unday munosabat shakllanmagan.

 

Kichik bir qo‘shimcha qilaman, rejalar qilinyapti-ku, rejani «reja» uchun emas, maqsadli ko‘rsatkichlar qo‘yilmasa, har qanday rejani qilgandan foyda yo‘q. Biz savolni to‘g‘ri qo‘ysak, muammoni shunchaki yechish uchun emas, uni [zararini] kamaytirish uchun [harakat qilardik]. Muammoni yechish uchun bir ro‘yxat chora-tadbirlar ishlab chiqiladi, lekin uning qanchalik to‘g‘ri ekani ham savol ostida.

Husan Muqimov: Toshkent shahri iqtisodiy jihatdan odamlarni o‘ziga tortgani hisobiga shaharga oqim kamaymaydi. Lekin tushunib yetganlar, qurbi yetgan odam «ekologik migratsiya» qilishi mumkin. Lekin shahar rivojlanishi to‘xtamaydi. Qanday rivojlanishi esa boshqa savol.

Bu jarayonda bir gapni aytish kerak, shaharni zichlashtirish deganda, gapimizni ushlab olib, ko‘p qavatli uylarning o‘rtasidan yana bitta uy qurishdan qochishimiz kerak.

Bir shaharsoz o‘z kitobida: «zichlik bilan aholi soni ortishining farqi bor»ligi haqida yozgan. Biz ham shu ikkalasini farqlashimiz kerak. Ya’ni odamlar bir hududda chumoli kabi yig‘ilib, bir-birini tanimaslik holatigacha borishi kerakmas, degan fikr bor.

Savolingizga yana qaytadigan bo‘lsak, shahar shu yo‘sinda davom etadigan bo‘lsa nima bo‘ladi? Biz [bu jarayonda] qaysidir yuqori nuqtaga chiqamiz-da, odamlar anglab yetishni boshlagach, keyin tushamiz. Lekin o‘sha nuqtagacha bormasligimiz uchun oldindan strategiyalar ishlab chiqishimiz kerak. Masalan, qurilishlarni ham to‘g‘ri tashkil qilishimiz kerak. Ekologlar aytganidek, shamol oqimlarini o‘ylashimiz kerak. Toshkentda osmono‘par binolar ko‘payib ketibdi, bunday binolar qurishda ham uning eni, soya tushishi hisoblanishi, shamol oqimiga tushishini inobatga olish kerak.

Yana nima qilish kerak? Yashillikni ko‘paytirish kerak, lekin buni tartibsiz ekish bilan emas, ma’lum strategiya bilan hal qilish lozim. Ya’ni qayerda nima ekilishi, kelishilgan holda ishlab chiqilishi, shuningdek, yashil belbog‘ qilinishi lozim. Uni katta halqa yo‘lida emas, Toshkent shahrining tashqarisida qilishimiz kerak.

Iskandar Soliyev: [Ekologik muammolar sabab ham] Shaharning noto‘g‘ri rivojlanishi davom etadi, chunki tartibsizlik boshlanaveradi. Yangi Toshkent ham kengayishning bir qismi. Odamlar kompakt shaharni tushunmasligi, joy yetishmasligi oqibatida shahar kengayishni boshlaydi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nizomiddin Toshpo‘latov.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid