Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polshaning ochlik e’lon qilgan sobiq vaziri majburan ovqatlantiriladi
Bir hafta oldin prezident saroyida qo‘lga olinganidan so‘ng, Mariush Kaminskiy hukmga norozilik bildirish uchun ochlik e’lon qildi, u buni «siyosiy qasos harakati» deb hisoblayapti.
Polshaning sobiq ichki ishlar vaziri Mariush Kaminskiy qamoqxonada majburan ovqatlantiriladi, dedi mamlakat prezidenti Anjyey Duda. Duda 17 yanvar, chorshanba kuni Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida bir hafta avval ochlik e’lon qilgan sobiq ichki ishlar vazirligi rahbarining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli sud shunday qaror qabul qilganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu ma’lumotni Kaminskiyning rafiqasi Barbaradan olgan. Ochlik e’lon qilish sobiq amaldorning o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilganlik haqidagi hukmiga qarshi norozilik bildirish usulidir. Duda ta’kidlashicha, u Kaminskiy va uning o‘rinbosari Matsey Vonsikni siyosiy mahbuslar deb biladi va ularni jinoiy javobgarlikka tortish noqonuniy deb hisoblaydi, chunki ular halol davlat xizmatchilari bo‘lgan va «korrupsiyaga qarshi shafqatsiz kurashgan». U Polsha bosh prokurori Adam Bodnarni ularni ozod qilishga chaqirdi.
Kaminskiy va Vonsik ishi
Polshaning sobiq ichki ishlar vaziri, Korrupsiyaga qarshi kurash markaziy byurosi sobiq rahbari Mariush Kaminskiy va uning o‘rinbosari – Polshaning hozirgi muxolifatdagi «Qonun va adolat» partiyasi vakili Matsey Vonsik 9 yanvar kuni prezident qarorgohida politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Ular Varshavadagi saroyda huquqni muhofaza qilish xodimlaridan yashiringan. Amaldorlar qamoqxonaga kuzatib qo‘yildi, chunki ularning jazo muddati o‘sha kuni rasman boshlandi. Qo‘lga olinganidan keyin Kaminskiy ochlik e’lon qilishga va’da berdi, chunki u hukmni «siyosiy qasos harakati» deb hisoblayapti.
Mariush Kaminskiy va Macey Vonsik ishi 2007 yilda korrupsiyaga qarshi kurash idorasi atrofida mojaro chiqqanidan beri davom etmoqda. Birinchi instansiya sudi ayblov hukmi chiqardi va 2015 yilda «Qonun va adolat» partiyasi hokimiyatga kelganidan so‘ng, prezident Duda ikkala siyosatchini ham afv etdi.
2022 yil iyun oyida Polsha oliy sudi tomonidan afv bekor qilindi, Kaminskiy va Vonsik ustidan sud jarayoni davom ettirildi. 2023 yil dekabr oyi oxirida Varshava tuman sudi ikkalasini ham poraxo‘rlik bo‘yicha ish yuritishda Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha markaziy byuroga rahbarlik qilish vaqtida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topdi hamda har birini ikki yildan qamoq jazosiga hukm qildi. Bundan tashqari, Kaminskiy va Vonsikka besh yil davomida davlat lavozimlarida ishlash taqiqlangan. Anjyey Duda bir necha bor afv etish haqidagi qarori amalda qolayotganini ta’kidlagan. Sobiq amaldorlar ushlanganidan keyin Varshavada minglab odamlar namoyishga chiqdi.
2023 yil oxirida Polshada hokimiyat almashdi
Muxolifatdagi siyosatchilarning qo‘lga olinishi Polshani o‘tgan yil oxirigacha boshqargan konservativ lager va 15 oktyabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalariga ko‘ra hokimiyatga kelgan so‘l markazchilar yangi koalitsiyasi o‘rtasidagi ziddiyat bosqichlaridan biridir. Hukumatdagi ko‘pchilik Polsha sobiq bosh vaziri va Yevropa kengashi sobiq rahbari Donald Tusk boshchiligidagi sobiq muxolifat kuchlarining Yevropaparast uch partiyali alyansini tuzdi. Mamlakatni 2015 yildan beri boshqarib kelayotgan konservativ «Qonun va adolat» partiyasi muxolifatga o‘tdi.
Tusk hukumati dekabr oyining o‘rtalarida ish boshladi. Avvalroq, noyabr oyining oxirida Anjyey Duda saylovda mag‘lub bo‘lgan «Qonun va adolat»dan amaldagi bosh vazir Mateush Moravetskiy boshchiligidagi ozchilik hukumatini qasamyodga keltirgan edi. Biroq Moravetskiy hukumati Seymda ishonch votumini ololmadi. Muxolifat Dudani yangi vazirlar mahkamasini shakllantirish jarayonini bir necha haftaga kechiktirish niyatida ekanlikda aybladi.