Jahon | 22:56 / 19.01.2024
13671
10 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda jurnalistlarga qarshi reyd. Bu haqda nimalar ma’lum? 

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari va militsiya xodimlari 24.kg axborot agentligi hamda Temirov Live yutub-kanalining Bishkekdagi ofislarida tintuv o‘tkazdi. Tintuv va so‘roq yakunlariga ko‘ra 11 kishi hibsga olingan, ularning aksari –Temirov Live yutub-kanali surishtiruvchi jurnalistlaridir. Loyiha asoschisi Bolot Temirov ichki ishlar vaziri bu orqali qarindoshlaridan birining qimmatbaho mulki to‘g‘risidagi material uchun qasos olayotganini aytgan. 

Qo‘lga olinganlar orasida Temirov LIVE tahririyatining sobiq va hozirgi jurnalistlari, jumladan Joodar Buzumov (fotoda) bor.
Foto: KHAMIDULLO UZAKOV

18 yanvar kuni Bishkekdagi sud jurnalist va Temirov Live loyihasining sobiq xodimlari bo‘lgan 11 kishini ikki oy muddatga hibsga oldi. Bir kun oldin ichki ishlar organlari xodimlari ularni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish ishi bo‘yicha qo‘lga olgandi. 

Temirov Live va «Ayt Ayt Dese» tahririyatlari rahbari Bolot Temirov BBC uchun intervyusida hibsga olinganlarning ikki nafari – loyihalar rahbari Maxabat Tajibek qizi (u Temirovning rafiqasi) hamda oqin (improvizator shoir) Azamat Ishenbekovga nisbatan ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilinganini aytgan. 

Oqin Ishenbekov jurnalistik surishtiruvlarni qirg‘iz tiliga o‘girish bilan shug‘ullangan. Uning chiqishlari «Ayt Ayt Dese» yutub-kanalida joylashtirib borilgan. 

«[Tergovning] ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaroridan ommaviy tartibsizliklarga chaqirish ular uchun nimaligini ko‘rishimiz mumkin. Ular uchun „mamlakat rahbariyatini obro‘sizlantirish aholini zo‘ravonlik harakatlariga undash“dir, ya’ni hokimiyatga har qanaqa tanqid chaqiriq hisoblanadi. Bu aqlga sig‘maydi», — degan Temirov. 

Uning ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan yana ikki nafariga— operator Oqil Orozbekov va Temirov Live sobiq jurnalisti, loyihani bir yarim yil oldin tark etgan Aktilek Kaparovga ham ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilinishi kutilmoqda. 

Ikki kun davomidagi ommaviy tintuvlar 

16-17 yanvar kunlari Bishkekdagi to‘rtta nashr jurnalistlari ommaviy tintuv va so‘roqlarni boshdan kechirishdi. Birinchi kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari 24.kg agentligi ofisida urush tashviqoti ishi bo‘yicha tintuv o‘tkazgan va ofisni muhrlab qo‘ygan. 

Axborot agentligi rahbariyati tahririyat ofisidan to‘g‘ri so‘roq qilish uchun olib ketilgan. 24.kg shef-redaktori Mohinur Niyazova ichki ishlar vazirligiga yo‘l olishdan oldin jurnalistlarga ish Ukrainadagi urush to‘g‘risidagi material tufayli ochilganini aytishga ulgurgan. 

Tahririyatga reyd uyushtirgan bishkeklik militsionerlar.
Foto: KHAMIDULLO UZAKOV

Keyinroq axborot agentligi rahbariyati ma’lumotni oshkor qilmaslik to‘g‘risidag kelishuv borligini aytib, izoh berishdan bosh tortdi. Niyazova hamda 24.kg bosh direktori Asel Otorbayeva ketma-ket ikki kun so‘roq qilingan. 

18 yanvar kuni Temirov Live yutub-kanalining sobiq va hozirgi jurnalistlari tahririyat va ularning uylarida o‘tkazilgan tintuvlardan keyin qo‘lga olindi. IIV xodimlari 11 kishini guvoh sifatida so‘roq qilish uchun olib ketishgan, shundan so‘ng jurnalistlar jinoyatda gumonlanib, qo‘lga olingan. 

IIV matbuot xizmati qisqacha xabarida ommaviy tartibsizliklarga chaqiriq bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qilgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, Temirov Live va «Ayt Ayt Dese» yutub-kanallarida «norozilik aksiyalari va ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish belgilari mavjud bo‘lgan» materiallar aniqlangan. 

«Ichki ishlar vaziri bizdan o‘ch olmoqda» 

Temirov Live va «Ayt Ayt Dese» loyihalari asoschisi Bolot Temirovning taxmin qilishicha, jurnalistlarga qarshi jinoiy ish ochilishiga ichki ishlar vaziri Ulan Niyazbekov haqidagi so‘nggi materiallar sabab bo‘lgan. 

«[Jinoiy ish] o‘ylab topilgan modda, amalda esa bu IIV xodimlari va vazirning bizning jurnalistik faoliyatimiz uchun qasosidir», — degan Temirov. 

Uning izohlashicha, jamoasi IIV rahbarining mulki hamda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan 750 ming dollar miqdoridagi mablag‘ o‘g‘irlangani to‘g‘risida surishtiruvlar e’lon qilgan. 

«Biz Ulan Niyazbekovning amakisining neft biznesi, Bishkekning qimmatbaho hududida vazirning amakisi va onasi nomiga rasmiylashtirilgan uylarni aniqladik. Manbalarimizga ko‘ra, u o‘sha joyda yashaydi. Biz uning IIV tizimida ishlash chog‘ida boylik orttirgani mavzusini ko‘targandik», — deya qayd etgan jurnalist. 

So‘roq vaqtida qo‘lga olinganlardan Bolot Temirovning o‘zi qayerdaligi so‘ralgan, u 2022 yil noyabrida Qirg‘izistonda pasportni qalbakilashtirish ishi bo‘yicha sudlangan va sud zalidan zo‘rlik bilan Rossiyaga olib ketilgandi. 

«Ular meni sudlashdi, deportatsiya qilishdi. Endi esa men qaysi mamlakatda ekanimni aniqlashga urinmoqda. Ehtimol bu provokatsiyadir, ehtimol meni yo‘q qilishmoqchidir», — degan Temirov. 

Hozirda uning jamoasi a’zolari hamda loyihalar rahbari, Temirovning turmush o‘rtog‘i hisoblanadigan Tojibek qizi jinoiy javobgarlikka tortilmoqda. Temirovning o‘zi Qirg‘izistondan deportatsiya qilingach, Tojibek qizi Temirov Live va «Ayt Ayt Dese» boshqaruvini o‘z qo‘liga olgandi. 

Temirov Live direktori Maxabat Tajibek kizi.
Foto: KHAMIDULLO UZAKOV

«Qirg‘iziston mintaqadagi ozodlik orolchasi hisoblanardi» 

Sakkizta xalqaro huquq tashkilotlari qo‘shma bayonot berib, Qirg‘iziston hukumatini «urush tashviqoti» va «ommaviy tartibsizliklarga undash» bahonasi bilan OAV tahririyatlariga qarshi ochilgan jinoiy ishlarni to‘xtatishga chaqirgan. 

«Hukumat mustaqil nashrlar va jurnalistlarga qarshi repressiv harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishi, shuningdek ularga mamlakatdagi va dunyoning qolgan qismidagi voqealarni qasos olinishidan qo‘rqmagan holda yoritishiga imkon berishi kerak», — deyilgan murojaatda. 

Bu bayonot Human Righs Watch, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik (IPHR), People in Need va Inson huquqlari bo‘yicha Xelsinki fondi kabi tashkilotlar tomonidan imzolangan. 

So‘nggi uch yillikda, prezident Sadir Japarov hokimiyatga kelganidan keyin Qirg‘iziston erkinlik va demokratiya darajasi bo‘yicha xalqaro reytinglardagi pozitsiyalarini sezilarli darajada yomonlashtirdi. 

Prezident Sadir Japarov boshqaruvining uch yilida Qirg‘iziston huquq va erkinliklar reytinglarida pastga sho‘ng‘idi.
Foto: Getty Images

Freedom House nodavlat xalqaro tashkiloti baholariga ko‘ra, 2021 yilda Qirg‘iziston erkin bo‘lmagan mamlakatlar toifasiga kiritilgan. Mamlakat siyosiy huquqlar va fuqarolik erkinliklari darajasi bo‘yicha 100 dan 27 ball olgan. Freedom House mamlakatda muxolifatchilar va faollar ta’qib ostiga olinganini qayd etgan. 

«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) reytingida esa Qirg‘iziston matbuot erkinligi darajasi bo‘yicha 50 pozitsiyaga pastlagan va 122-o‘rinni egallagan — Tunis va Nigeriya o‘rtasida. 

«Bunga qadar Qirg‘iziston mintaqada matbuot erkinligi oazisi hisoblanardi. Ammo qay etish mumkinki, jurnalistlar ta’qib etilishi bilan misli ko‘rilmagan vaziyat yuzaga keldi», — deya qayd etgan RSF’ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Janna Kavele. 

Saytlar bloklanishi va nashrlar tugatilishi 

Japarovning prezidentligi davrida OAV saytlarini sudgacha bloklash oddiy amaliyotga aylandi. 2021 yil avgustida qabul qilingan feyklar to‘g‘risidagi qonun bunda qo‘l kelmoqda. 

Mazkur qonun Madaniyat vazirligiga noto‘g‘ri ma’lumotlar chop etilgan taqdirda sud jarayonisiz saytlarni bloklash bo‘yicha qaror qabul qilish huquqini beradi. Axborot ishonchli yoki yo‘qligi borasida qarorni vazirlik xodimlari o‘zi qabul qiladi. 

Feyklar to‘g‘risidagi qonun kuchga kirgach, Qirg‘iziston hududida bir necha mustaqil nashrlarning saytlari bloklandi. 2022 yil oktyabrida «Radio Azattik» («Ozodlik radiosi» qirg‘iz xizmati) saytiga kirish to‘silgandi. Noqulay materiallar o‘chirilganidan keyin, 2023 yil iyulida radio sayt radiosi blokdan chiqarildi. 

O‘tgan yil sentabrida «Kloop» sayti bloklangan. Blokirovkaga hibsga olingan muxolifatchi poytaxtdagi 1-sonli tergov izolyatorida qiynoqqa solingani haqida aytib bergan material sabab bo‘lgandi. Jazoni ijro etish muassasasi qiynoq to‘g‘risidagi ayblovni rad etgan va sayt bu pozitsiyani o‘z xabarida bayon etishiga to‘g‘ri kelgandi. 

Bundan tashqari, Bishkek sudi hozirda «Kloop Media» jamoat fondi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan nashrni tugatish bo‘yicha da’voni ko‘rib chiqmoqda. Tahririyatga qarshi da’vo Bishkek prokuraturasi tomonidan berilgan, idora fikricha, «Kloop»ning maqolalari Qirg‘izistonga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mavzuga oid