Jahon | 23:08 / 20.01.2024
9484
5 daqiqa o‘qiladi

250 dan ziyod millioner boylik solig‘ini oshirishga chaqirdi

Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida 250 dan ortiq milliarder va millionerlar dunyoning yetakchi davlatlarini jamiyatning eng boy a’zolaridan yuqoriroq soliqlar undirishga chaqirdi. Ularning fikricha, ortiqcha xususiy boylik umumiy demokratik kelajak uchun sarmoyaga aylanishi kerak.

Avstriyalik Marlen Engelhorn 2024 yil 15 yanvar kuni Jahon iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tadigan kongress markaziga kiraverishda “Boylarni soliqqa torting!” degan yozuvli banner ushlab turibdi. Engelhorn Germaniyaning kimyo sohasidagi eng yirik kompaniyalaridan biri bo‘lmish BASF'ning merosxo‘rlaridan biri sanaladi.
Foto: FABRICE COFFRINI / AFP via Getty Images

Dunyoning badavlat insonlari Shveytsariyaning Davos shahridagi Jahon iqtisodiy forumida yig‘ilgan dunyo siyosiy yetakchilariga ochiq maktub yo‘lladi. Bu haqda CNBC nashri xabar bermoqda.

“Bizning iltimosimiz oddiy: bizdan, jamiyatning eng badavlat kishilaridan soliq undirishingizni so‘raymiz. Bu bizning turmush darajamizni tubdan o‘zgartirmaydi, farzandlarimizning hayotiga zomin bo‘lmaydi va mamlakatlarimizning iqtisodiy o‘sishiga zarar yetkazmaydi. Ammo bu ortiqcha va samarasiz xususiy boylikni umumiy demokratik kelajagimiz uchun sarmoyaga aylantiradi”, – deyiladi xatda.

Ochiq xatda dunyo boylari uch yildan beri ortiqcha boylikka soliq joriy qilishni so‘rab kelayotgani, lekin siyosatchilar buni javobsiz qoldirayotgani aytiladi.

“Ko‘proq to‘lashdan faxrlanaman” deb nomlangan maktubni 17 ta davlatdan bo‘lgan 250 nafardan ortiq milliarder va millioner imzolagan. Ularning orasida eng taniqlilari – Disneyning merosxo‘ri Abigayl Disney, ssenarist Saymon Pegg va mashhur amerikalik kinoaktyorning merosxo‘ri Valeri Rokfeller.

Davos forumi davomida “Oksfam” xayriya tashkiloti agar mavjud tendensiyalar davom etsa, qashshoqlik yana 229 yil barham topmasligini ma’lum qildi.

Xatni imzolagan boylardan biri, aktyor Brayan Koksning aytishicha, milliarderlar o‘zlarining ulkan boyliklaridan siyosiy kuch va ta’sirga ega bo‘lish maqsadida foydalanib, demokratiya va global iqtisodiyotga putur yetkazmoqda.

“Harakat qilish vaqti keldi. Agar bizning saylangan amaldorlarimiz pul va hokimiyatning bunday konsentratsiyasiga qarshi kurashishdan bosh torsa, oqibatlari dahshatli bo‘ladi”, – degan Koks.

Survation kompaniyasi “Vatanparvar millionerlar” nomi ostida o‘tkazgan yangi so‘rovi natijalariga ko‘ra, dunyoning bir qator badavlat odamlari o‘z daromadlariga soliqlarni oshirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

So‘rovda katta yigirmatalik davlatlarining 2300 dan ortiq badavlat shaxslari ishtirok etgan. Ularning har biri o‘z uylarini hisobga olmaganda, 1 million dollardan ortiq sarmoyaviy aktivlarga ega. Ushbu aktivlar ularni eng boy 5 foiz aholi qatlamiga kiritadi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 74 foizi yashash xarajatlarining oshishi muammosini hal qilish va davlat qo‘llab-quvvatlovini yaxshilash uchun boylik solig‘ini oshirishni qo‘llab-quvvatlagan, respondentlarning to‘rtdan uch qismi esa milliarderlarga 2 foizlik boylik solig‘ini joriy etishni yoqlab ovoz bergan. Yarmidan ko‘pi (54 foizi) haddan tashqari boylik konsentratsiyasi demokratiyaga tahdid deb hisoblaydi.

“Biz institutlarimizni himoya qilish va mamlakatimizni barqarorlashtirish yo‘lini bilamiz, bu – yirik boyliklarni soliqqa tortish. Bizga buning uchun siyosiy kuch yetishmaydi. Hatto menga o‘xshagan millionerlar va milliarderlar ham “vaqti keldi” deyishadi. Davosda yig‘ilgan elita buni jiddiy qabul qilishi kerak”, – degan Disney merosxo‘ri Abigail Disney.

Ma’lumot uchun, Jahon iqtisodiy forumi global, mintaqaviy va sanoat kun tartibini shakllantirish uchun yetakchi siyosiy, biznes, madaniy va boshqa sohalardagi jamiyat yetakchilarini jalb qiladi. U 1971 yilda shtab-kvartirasi Shveytsariyaning Jyeneva shahrida joylashgan notijorat fond sifatida tashkil etilgan.

Joriy yilgi Jahon iqtisodiy forumida yig‘ilgan dunyo yetakchilaridan Emmanuel Makron Yevropa uchun strategik iqtisodiy reja ishlab chiqishga chaqirdi. Xaviyer Miley kambag‘allikka qarshi kurashish uchun sotsializmni rad etish kerakligiga urg‘u berdi. Zelenskiy RFning 300 mlrd dollarlik aktivlariga ko‘z tikmoqda. Fon der Lyayyen YeI Vengriyaning roziligisiz ham Ukrainaga 50 mlrd yevro bera olishiga shama qildi.

Mavzuga oid