O‘zbekiston | 20:30 / 20.01.2024
22932
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan ijara huquqini sotishga ruxsat berildi

Qishloq xo‘jaligi yerlarining ikkilamchi ijara bozori vujudga kelishiga asos yaratildi. 1 martdan boshlab, fermerlar qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan ijara huquqini sotishi mumkin bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

«Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024 yil 1 martdan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat etiladi.

Bunda:

- shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlar yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda o‘tkaziladi;

- ijaraga oluvchi yerga ijara huquqini o‘tkazishdan oldin undan kamida 3 yil, 2021 yilgacha hokim qarori bilan olgan bo‘lsa, kamida 5 yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi kerak;

- ijaraga oluvchi auksion yoki ochiq elektron tanlov natijasiga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki qo‘shimcha to‘lov majburiyatlarini to‘liq bajargan bo‘lishi shart;

- yuridik shaxslar ijaraga olingan yer uchastkalarini ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab 5 yildan keyin boshqa shaxsga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin.

Mavzuga oid