Jahon | 13:07 / 20.01.2024
2497
2 daqiqa o‘qiladi

YeI davlatlari Rossiyaga qarshi 13-sanksiya paketini muhokama qilishni boshladi

Rossiyaning Ukrainaga hujumi ikki yilligi munosabati bilan yangi sanksiyalarni qabul qilish murakkab muzokaralar tufayli oson bo‘lmaydi, deb yozadi Bloomberg.

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaning Ukrainaga hujumi uchun sanksiyalarning yangi paketini muhokama qilishni boshladi, deb xabar berdi Bloomberg 19 yanvar, juma kuni

13-sanksiya paketi urush boshlanganining ikki yilligi – 24 fevralda qabul qilinishi rejalashtirilgan. Keyingi cheklovlar jismoniy va yuridik shaxslarning yangi ro‘yxati, yangi savdo cheklovlari va Yevropa Ittifoqidagi kompaniyalar orqali ham, uchinchi mamlakatlarda ham sanksiyalardan qochishga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlardan iborat bo‘lishi kutilmoqda, deb yozadi Bloomberg. 

Sanksiyalar shu hafta Yevropa Ittifoqi elchilarining uchrashuvida muhokama qilindi. 24 fevralgacha kelishuvga erishish oson bo‘lmaydi, chunki avvalgi paketni tasdiqlash uchun bir necha haftalik muzokaralar kerak bo‘lgandi, deb ta’kidlaydi Bloomberg. 

Ukrainaga yordam uchun yangi fond muhokamasi 

Bundan tashqari, YeI yetkazib berishni moliyalashtirishni osonlashtirish maqsadida joriy Yevropa tinchlik jamg‘armasi (EPF) o‘rniga Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun yangi fond yaratish rejalarini muhokama qilishda davom etmoqda, deb yozadi Bloomberg. 

EPF doirasida a’zo davlatlar Ukrainaga yuborgan qurollari uchun tovon puli oladi. Jamg‘arma bir necha bor kengaytirilgan, biroq mablag‘larni ajratish va sarflash bo‘yicha qarorlar Yevropa Ittifoqi davlatlarining bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashini talab qiladi, bu Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga Ukrainaga yordamga veto qo‘yish imkonini berdi, deb eslatadi Bloomberg. 

Bundan tashqari, ba’zi mamlakatlar, shu jumladan Germaniya, hozirgi formatda EPF samaradorligi kamroq bo‘lishini ta’kidladi, chunki ko‘proq ta’minot mavjud zaxiralardan emas, balki yangi sotib olingan qurollardan keladi. Hozircha aniq kelishuvlarga erishilmagan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid