Jahon | 14:16 / 22.01.2024
7947
4 daqiqa o‘qiladi

«GUR» boshlig‘i Budanov: Ukraina safarbarlikka muhtoj

Ukraina armiyasi sezilarli darajada odam tanqisligini boshdan kechirmoqda, biroq Rossiyada ham bu borada muammolar bor, dedi Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanov.

Foto: Pavel Baxmut / Keystone Press Agency / Global Look Press

Ukraina mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasi («GUR») rahbari Kirill Budanov frontda odam yetishmasligi sababli mamlakatda safarbarlik zarurligini ma’lum qildi. «Biz safarbarliksiz eplay olishimizni tasavvur qilib bo‘lmaydi», dedi u 21 yanvar, yakshanba kuni chop etilgan Financial Times gazetasiga bergan intervyusida.

Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari (UQK)da sezilarli darajada kadrlar tanqisligi kuzatilmoqda, biroq Rossiyada ham bu borada muammolar mavjud. U safarbar etishi mumkin bo‘lganidan ko‘p harbiylarni yo‘qotmoqda. Xuddi shu narsa uning qurollariga ham tegishli. Rossiya ishlab chiqarishga qodir bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq qurol va o‘q-dorilarni sarflamoqda, dedi bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i. «Rossiyaning boshqa mamlakatlarda qurol izlashini aynan shu narsa tushuntiradi», dedi u. 

Budanov savolni Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga yo‘naltirib, frontdagi mavjud vaziyatni baholamadi. U Ukrainaning o‘tgan yilgi qarshi hujumini quyidagicha tavsifladi: «Hammasi yaxshi, deyish noto‘g‘ri bo‘lardi. Buni falokat deyish ham to‘g‘ri emas». 

Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i, shuningdek, 2024 yil uchun har qanday «jasur prognozlar» qilishdan bosh tortdi. «Umid qilamanki, bizning muvaffaqiyatlarimiz ularnikidan kattaroq bo‘ladi», dedi u. 

Ukrainada safarbarlik rejalari

Ukraina hukumati Ukraina qurolli kuchlarida kadrlar yetishmasligini bir necha bor ta’kidlagan va 2024 yilda ular ikki yildan beri jang qilganlar o‘rniga yangi harbiy xizmatchilarni safarbar etish va yo‘qotishlarni qoplashni rejalashtirgan. 2023 yil dekabr oyi oxirida oliy radada mamlakatda safarbarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi hukumat qonuni ro‘yxatga olingan edi. 

Hukumat, shu jumladan, safarbarlik uchun chaqiruv yoshini 27 yoshdan 25 yoshga qisqartirishni, fuqarolarni ikki – harbiy xizmatga «yaroqli» va «yaroqsiz» toifasiga bo‘lishni, muddatli harbiy xizmatni kechiktirish va muddatli harbiy xizmatdan ozod qilish huquqiga ega bo‘lganlar ro‘yxatini belgilashni rejalashtirgan. 

Bundan tashqari, chaqiruv qog‘ozlarini topshirish tartibini soddalashtirish taklif etilyapti. Qonun loyihasiga ko‘ra, u shaxsan yoki elektron kabinet va elektron pochta orqali yetkazib berilishi mumkin. Xizmatdan bosh tortganlar uchun bir qator cheklovlar o‘rnatish taklif qilinmoqda. Ularga xorijga chiqish, mulk bilan bitimlar, avtomobil haydash va kredit olish taqiqlanishi mumkin. 

Qonun loyihasi e’lon qilingandan so‘ng, hukumat hujjatni tayyorlashda jamiyat bilan maslahatlar o‘tkazilmagani uchun tanqidlar va ayblovlarga duch keldi. O‘tgan hafta oliy radadagi «Xalq xizmatkori» fraksiyasi rahbari David Araxamiya qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqish uchun vazirlar mahkamasiga qaytarilishini aytdi. 

Mavzuga oid