Jahon | 15:14 / 07.01.2026
1336
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy o‘z ofisi rahbari Budanovni Milliy xavfsizlik kengashi tarkibiga kiritdi

Zelenskiy farmoniga ko‘ra, yaqinda prezident ofisi rahbari etib tayinlangan, Mudofaa vazirligiga qarashli Bosh razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Kirill Budanov Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tarkibiga kiradi, Oleg Ivashchenko esa undan chiqariladi.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) tarkibiga prezident ofisining yangi rahbari, 40 yoshli Kirill Budanovni kiritdi. Bu haqda Ukraina prezidenti saytida dushanba, 5 yanvar kuni kechqurun e’lon qilingan farmonda aytiladi. Farmonda: “Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining shaxsiy tarkibiga Budanov Kirill Alekseyevich — Ukraina prezidenti ofisi rahbari kiritilsin. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tarkibidan O.Ivashchenko chiqarilsin”, — deyiladi.

Zelenskiy 2 yanvar kuni Ukraina Tashqi razvedka xizmatining sobiq rahbari general-leytenant Oleg Ivashchenko mamlakat Mudofaa vazirligi huzuridagi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari etib tayinlanganini ma’lum qilgan. Zelenskiyning avvalgi farmonidan kelib chiqishicha, Ivashchenko boshqalar qatorida Rustem Umerov rahbarligida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish bo‘yicha muzokaralar guruhi tarkibiga ham kiritilgan edi.

Shu kuni Mudofaa vazirligi huzuridagi GURning sobiq rahbari Kirill Budanov davlat rahbarining Ukraina prezidenti ofisini boshqarish taklifini qabul qilgan. Bundan oldin prezident ofisi rahbari lavozimini Andriy Yermak tark etgan edi: “Energoatom” davlat korxonasi atrofidagi korrupsiya mojarosi fonida u iste’foga chiqqan. Xabarda aytilishicha, o‘tkazilgan tintuvlardan keyin u iste’fo to‘g‘risida ariza yozgan.

5 yanvar kuni chiqarilgan boshqa farmonlarida Vladimir Zelenskiy Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari etib Sergey Andrushchenko o‘rniga Aleksandr Pokladni tayinladi. Poklad 2023 yil avgustidan beri SBU raisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan, undan oldin esa xizmatning kontrrazvedka departamentini boshqargan. Andrushchenko 2021 yil iyulidan beri SBU rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan va bir vaqtning o‘zida SBU huzuridagi Antiterror markaziga ham rahbarlik qilgan.

Bundan tashqari, Zelenskiy SBU raisi o‘rinbosarlari etib, avval SBUning kontrrazvedka departamentini boshqargan Andrey Tupikovni va ilgari SBUning “A” maxsus operatsiyalar markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Denis Kilimnikni tayinladi. Shu bilan birga Ukraina prezidenti SBU raisi o‘rinbosari Sergey Naumyukni hamda SBUning harbiy kontrrazvedka departamenti boshlig‘i Aleksandr Dubrovinni lavozimidan ozod qildi.

Shu kunning o‘zida Zelenskiy general-mayor Yevgeniy Xmaraga Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari vazifasini vaqtincha bajarishni topshirgan. Bir necha soat oldin SBU saytida Vasiliy Malyukning xizmat rahbari lavozimini tark etishi haqidagi bayonoti e’lon qilingan edi. “SBU rahbari lavozimidan ketyapman. SBU tizimida qolaman — dunyo darajasidagi asimmetrik maxsus operatsiyalarni amalga oshirish uchun, ular kelgusida ham dushmanga eng katta zarar yetkazadi”, — degan Malyuk.

Mavzuga oid