Iqtisodiyot | 11:24 / 22.01.2024
13447
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi

O‘zbekistonda 2024 yil uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdori kishi boshiga 1 oyga 621 ming so‘m deb belgilandi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 9,3 foizga yuqori.  

Foto: Kun.uz

2023 yildagi yillik inflatsiya darajasidan kelib chiqib, 2024 yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 621 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi minimal iste’mol xarajatlari miqdori 2021 yilda 440 ming so‘mni tashkil etgan, 2022 yil yanvaridan boshlab esa 498 ming so‘m deb belgilangandi. So‘nggi marta bu miqdor 2023 yil iyul oyida 498 ming so‘mdan 568 ming so‘mgacha oshirilgandi.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlaridan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
  • mamlakatning kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida.

Mavzuga oid