Jahon | 10:52 / 24.01.2024
2461
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Tramp Nyu-Hempshirda respublikachilar praymerizida g‘alaba qozondi

AQShning sobiq prezidentining 2024 yilgi saylovlarda Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lish huquqi uchun kurashdagi yagona raqibi Nikki Heyli keyingi kurashdan voz kechmayapti. 

Foto: Chip Somodevilla/Getty Images

Nyu-Hempshir shtatida Respublikachilar partiyasining dastlabki saylovlarida (praymeriz) Donald Tramp g‘alaba qozondi. Bu haqda 24 yanvar, chorshanbaga o‘tar kechasi Amerika OAV dastlabki hisob-kitoblar va ijtimoiy so‘rovlar natijalariga tayanib xabar berdi.

Edison Research ma’lumotlariga ko‘ra, ovozlarning 41 foizi hisoblanganda Tramp 52,7 foiz, AQShning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Heyli esa 43,7 foiz ovoz olgani ma’lum bo‘lgan. Bu natija Heyli uchun dastlabki so‘rovlarga qaraganda yaxshiroq. Nyu-Hempshirdagi praymeriz an’anaviy tarzda ayniqsa muhim hisoblanadi, chunki g‘olib butun kampaniya uchun favoritga aylanadi.

Nikki Heyli kurashdan voz kechmayapti 

Florida gubernatori Ron Desantis Tramp foydasiga poygadan chiqib ketganidan so‘ng, 52 yoshli Nikki Heyli 2024 yilda Respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqi uchun kurashda sobiq prezidentning yagona raqibi bo‘lib qoldi. 

U Trampni Nyu-Hempshirdagi g‘alaba bilan tabrikladi, biroq agar u yangi prezidentlik muddatiga saylansa, mamlakatni faqat betartiblik kutayotganini aytdi. «Poyga tugashiga hali ancha bor, oldinda o‘nlab shtatlar kutib turibdi», - deya ta’kidladi Heyli. Avvalroq uning vakillari Heyli respublikachilar o‘rtasidagi saylov poygasini kamida 5 mart kungi «superseshanba»gacha - 50 shtatning 16 tasida boshlang‘ich saylovlar o‘tkaziladigan kungacha davom ettirishini aytgandi. 

Tramp Heyli haqida keskin fikr bildirdi

O‘z navbatida, praymerizdan so‘ng tarafdorlari bilan gaplashar ekan, 77 yoshli Donald Tramp raqibi haqida keskin gapirib, uni g‘alabani o‘zlashtirib olmoqchi bo‘lgan «soxtakor» deb atadi. Bir kun oldin Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida Heyliga bir nechta postlar bag‘ishladi va uni «adekvat emas» deb atadi.

Avvalroq, 16 yanvar kuni Donald Tramp Ayova shtatidagi kokuslar - respublikachilar o‘rtasidagi ichki partiyaviy saylovlarning birinchi bosqichida g‘alaba qozongandi. Reuters agentligi ta’kidlashicha, Tramp shu paytgacha respublikachi nomzodlar o‘rtasidagi debatlarning barcha besh raundini e’tiborsiz qoldirgan va nomzodlar odatda Ayovadagi kokuslar oldidan shtat bo‘ylab safar qilishi an’anasidan «tiyilgan». 

Rasmiy ravishda respublikachi nomzod partiyaning iyul oyida bo‘lib o‘tadigan qurultoyida ko‘rsatiladi. Saylovlarning o‘zi 5 noyabrga belgilangan. Unda Tramp va Oq uyning amaldagi rahbari Jo Bayden yana raqobatlashishi kutilmoqda, u ham o‘z nomzodini ilgari surishi haqida e’lon qilgan. 

Mavzuga oid