Jahon | 20:56 / 25.01.2024
5616
2 daqiqa o‘qiladi

Igor Strelkov «ekstremizmga da’vat» qilganlikda ayblanib, to‘rt yilga qamaldi 

FXX sobiq ofitseri anneksiya qilingan Qrimni Ukrainaga topshirilishi mumkinligi va anneksiya qilingan DXR harbiy xizmatchilariga to‘lovlar to‘g‘risidagi ikkita posti uchun jazolandi. 

Igor Strelkov

Moskva shahri sudi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) sobiq ofitseri Igor Strelkovni (Girkin) «ekstremizmga da’vat» qilganlikda ayblab, to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi. 

Shuningdek, Strelkovga veb-saytlarni boshqarish 3 yilga taqiqlandi. 

Ayblov tomoni Strelkovni 4 yil 11 oyga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi. Unga qo‘yilgan modda bo‘yicha eng yuqori jazo 5 yil qamoqdir. 

Strelkovga qarshi jinoiy ish 2023 yil iyul oyida qo‘zg‘atildi. Bunga telegram kanalida anneksiya qilingan Qrimni Ukrainaga topshirilishi mumkinligi va anneksiya qilingan DXR harbiy xizmatchilariga to‘lovlar to‘g‘risidagi ikkita post sabab bo‘ldi. 

Igor Strelkov 2014 yilda Donbassdagi qurolli mojaroning eng mashhur ishtirokchilaridan biri. U o‘zini Ukrainadagi «urush tepkisini» bosgan odam deb hisoblaydi. 2022 yilda Niderlandiya sudi Strelkovni 2014 yil iyulida Donetsk viloyatida Malaysia Airlines samolyoti halokatida aybdor deb topib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan edi. 

Strelkov Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni qo‘llab-quvvatlagan, lekin shu bilan birga u Rossiya armiyasi va prezident Vladimir Putinni yetarlicha faol harakat qilmagani uchun tanqid ostiga olib kelmoqda.

Mavzuga oid