Jamiyat | 11:58 / 25.01.2024
7058
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda uchta mashina to‘qnashib ketdi. Bir kishi halok bo‘lgan

Xatirchi tumanida ikkita Nexia va Cobalt ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Buning oqibatda Cobalt mashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 26 yoshli yigit og‘ir jarohat olib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

Xatirchi tumani hududida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati IIB YXHB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, holat 2024 yilning 8 yanvar kuni tuman hududidan o‘tgan 4R-56 avtomobil yo‘lining 22 kilometrida sodir bo‘lgan. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, “Xatirchi-Langar” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Cobalt mashinasi yo‘lda chap tomonga qayrilib olish uchun to‘xtab turgan Nexia mashinasi bilan to‘qnashib ketmaslik maqsadida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlangan. Buning oqibatida qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan hamda qayrilib olayotgan Nexia mashinalari bilan to‘qnashib ketgan.

YTH oqibatida Cobalt mashinasida yo‘lovchi sifatida kelayotgan 26 yoshli yigit og‘ir tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Biroq u ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan Xatirchi tuman IIB tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Oldinroq Navoiy shahrida Volkswagen mashinasi svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan Matiz ortidan kelib urilishi oqibatida ikki yo‘lovchi voqea joyida vafot etgandi.

Mavzuga oid