14:30 / 15.01.2024
16024

Navoiyda sodir bo‘lgan YTHda ikki kishi halok bo‘ldi

Navoiy shahrida Volkswagen mashinasi svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan Matiz ortidan kelib urilishi oqibatida ikki yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan. Volkswagen haydovchisi mast bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: IIB axborot xizmati

Navoiy shahrida insonlar o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 15 yanvar kuni soat 02:00 larda Navoiy shahri Islom Karimov ko‘chasida fuqaro A.N. boshqaruvidagi Matiz mashinasi (taksi) svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida to‘xtab turgan bo‘lgan. Shu paytda uning ortidan fuqaro O.N. boshqaruvidagi Volkswagen mashinasi kelib urilgan.

YTH oqibatida Matiz mashinasining orqa o‘rindig‘ida yo‘lovchi sifatida ketayotgan E.U. hamda O.G‘. tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Kun.uz manbaasiga ko‘ra, Volkswagen haydovchisi mashinani mast holda boshqargan.

Hozirda holat yuzasidan Navoiy shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Navoiy viloyatining Tomdi tumani hududida sodir bo‘lgan YTHda 3 kishi halok bo‘lgandi.

Top