07:09 / 26.01.2024
4545

Ekologlar Toshkent yaqinidagi issiqxonalarda monitoring o‘tkazmoqda

Ekologiya vazirligi Toshkent viloyatidagi issiqxonalarda havoni ifloslantiruvchi gazlarni tozalash qurilmalari mavjudligini tekshirmoqda. 

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish

Ekologlar Toshkent viloyatidagi issiqxona xo‘jaliklarida havo ifloslantiruvchi gazlarni tozalash qurilmalari o‘rnatilganini tekshirmoqda.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi xabariga ko‘ra, Toshkent shahri atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani, yuqoridagi hududlarda atmosfera havosini sezilarli yomonlashgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli murojaatlar yuzasidan Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyo‘l tumanlarida joylashgan issiqxonalarda ekologik monitoring o‘tkazilgan.

Vazirlikka ko‘ra, ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar atmosfera havosi ifloslanishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Oxirgi besh yilda iqtisodiyotda ko‘mir iste’molining o‘sish sur’ati 22 foizdan oshdi. Agar 2018 yilda 6,8 million tonna ko‘mir ishlatilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu raqam 8,3 million tonnadan ortdi.

Monitoring davomida issiqxonalarda foydalanilayotgan yoqilg‘i turlari, yoqish qurilmalarining holati to‘liq xatlovdan o‘tkazilmoqda. Issiqxonalarga berilgan davlat ekologik ekspertizasining xulosalarida belgilangan me’yorlarga rioya etilgani o‘rganilmoqda.

Issiqxonalarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy tashlanma manbalardan hosil bo‘ladigan ifloslantiruvchi gazlarni tozalash qurilmalari o‘rnatilgani ham tekshirilmoqda.

Monitoring 31 yanvargacha davom etadi.

Top