Jahon | 23:42 / 01.02.2024
11370
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil sulhga rozi, HAMAS munosabati ham ijobiy - Qatar TIV

G‘azo sektorida ikki oyga otashkesim e’lon qilinishi mumkin. 

Foto: AP/Ohad Zwigenberg

Qatar TIV matbuot kotibi Majid bin Muhammad al-Ansoriyning aytishicha, Isroil rasmiylari G‘azo sektorida vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga rozi bo‘lgan. Qatar kelishuv shartlarining dastlabki ijobiy tasdig‘ini Falastinning HAMAS harakatidan ham olgan. Bu haqda Qatar telekanali Al Jazeera xabar berdi. 

28 yanvar kuni Qatar, AQSh va Misr vakillari Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasida vaqtinchalik sulh tuzish bo‘yicha kelishuvni yakunlayotgani ma’lum bo‘ldi. Bitim ikki bosqichni o‘z ichiga oladi va G‘azo sektorida ikki oy davomida o‘t ochilishini to‘xtatadi. Bu vaqt ichida HAMAS garovga olingan bolalar, ayollar, qariyalar va yaradorlarni ozod qiladi. Buning evaziga Isroil falastinlik mahbuslarni ozod qiladi. Bitim, shuningdek, G‘azo sektoriga yetkaziladigan yangi gumanitar yordam hajmini belgilaydi. 

1 fevral kuni Al-Hadat telekanali HAMAS harakati Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklarni bosqichma-bosqich ozod qilishga rozi bo‘lganini xabar qildi. HAMAS avvalroq kelishuvga faqat mahbuslarni to‘liq ozod qilish sharti bilan roziligini bildirgan edi. Harakat, shuningdek, Isroildan uzoq muddatli qamoq jazosini olganlarni ozod etilishini talab qilmasligini bildirdi. Telekanal ta’kidlaganidek, HAMAS vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy qarorga kelgani yo‘q. O‘z navbatida Isroil 114 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.

Mavzuga oid