Iqtisodiyot | 19:33 / 03.02.2024
56176
12 daqiqa o‘qiladi

Qanday qilib pomidorni televizorga aylantirish mumkin? Behzod Hoshimov bilan suhbat

Savdo bu – bir tovardan ikkinchisini hosil qilish texnologiyasidir. O‘zbekistonliklar o‘zlari samarali bo‘lgan soha, masalan pomidor ishlab chiqarish orqali uni chet elda sotyapti va tushgan valuta evaziga masalan xorijda ishlab chiqarilgan televizor sotib olyapti. Ya’ni xalqaro savdo orqali pomidor televizorga aylantirilyapti, deya tushuntiradi iqtisodchi Behzod Hoshimov.

O‘zbekistonga avtomobil yo‘llari orqali kirib kelayotgan fuqarolar bojxona to‘lovlari to‘lamasdan olib kirishi mumkin bo‘lgan tovarlarning maksimal qiymati 300 dollardan 100 dollargacha kamaytirilishi mumkin.

Kun.uz muxbiri ayni paytda ko‘rib chiqilayotgan bu o‘zgarishning iqtisodiy ta’siri qanday bo‘lishi borasida iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatlashdi.

“Savdo yo‘llaridan uzoqda joylashganimiz yetmagandek, o‘zimiz savdoga sun’iy to‘siqlarni ham o‘ylab topganmiz”

— Savdoga to‘siqlar va savdo siyosatidagi masalalar – meni doim tashvishga solib keladigan masalalardan biri. Buning sababi, O‘zbekiston dunyoda unikal davlatlardan biri: ko‘p logistik nuqtalardan uzoqda joylashgan, ya’ni geografik joylashuv jihatdan biz artarkik mamlakatmiz. Ikkinchidan, shu geografik jihatdan savdo yo‘llaridan uzoqda joylashganimizga qaramay, uning ustiga o‘zimiz savdoga sun’iy cheklov va to‘siqlarni o‘ylab topganmiz. Bu – bojxona bojlari, notarif to‘siqlar, hujjatlar bilan bog‘liq cheklovlar.

Shu sabablarga ko‘ra O‘zbekistonda ko‘p narsalar qo‘shni mamlakatlar va boshqa davlatlardan qimmatroq, bu – kiyim-kechak bo‘ladimi, elektronika, uy jihozlari, qurilish materiallari bo‘ladimi, ro‘yxatni uzoq davom ettirsak bo‘ladi. Shu sababli o‘zbekistonliklar chetga chiqsa, chet eldan tovarlarni o‘zlari bilan olib kelishadi. Yoki biror boshqa maqsad bilan xorijga chiqqanda ham, o‘zlari bilan narsa olib kelishadi. O‘zbekistonning Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston bilan chegaradosh shaharlariga borsangiz, chegaraning yonida bir qancha chakana va ulgurji bozorlar bor. Ularning asosiy maqsadi – o‘zbekistonliklarga tovarlarni sotish, chunki chegaradan o‘tishingiz bilan narx tushadi. O‘zbekistonda bojlar baland va ularni rasman olib kirsangiz, qimmatga tushadi.

Oldinlari, 2011 yillarda Dubaydan O‘zbekistonga kelardim, har bir reysda yuk tushiradigan joyda har ikkinchi yo‘lovchida televizor bo‘lardi. Chunki O‘zbekistonda televizor nihoyatda qimmat edi. Men televizorsiz kelsam, turgan odamlar “sizda televizor yo‘q ekan, menikini o‘zingizning nomingizga olib o‘ta olasizmi?” deb so‘rashardi.

Piyoda yoki avtomobil chegarasiga kelsak, Toshkent yaqinida G‘ishtko‘prik chegara punkti bor, u yerda ham ko‘rsangiz bo‘ladi, Qozog‘istondan kelayotgan odamlar O‘zbekistonda nima qimmat bo‘lsa, qo‘llariga olib oladi.

“Odamlar cho‘ntagida tovar olib kirishi – hammamizga uyg‘onish uchun signal bo‘lishi kerak”

— 2018 yil bo‘lsa kerak, ko‘p oziq-ovqat mahsulotlariga katta bojlar bor edi, O‘zbekiston–Qozog‘iston chegarasini kuzatgandim: odamlar cho‘ntagiga 2 litr yog‘ yoki qanaqadir oziq-ovqat solib o‘tishardi. Yoshi katta kishilar “sizda hech narsa yo‘q ekan, mening ikki paket narsamni olib o‘tib bering” deyishardi.

Nimaga bularni aytyapman? Nega odamlar bunday qilyapti degan savolni berishimiz kerak. O‘zbekistonda, qandaydir sababga ko‘ra, tovarlarni ulgurji olib kirgandan ko‘ra, Qozog‘istondagi do‘kondan chakana narxda xarid olib, olib kirgani arzonroqqa tushyapti. Bu muammoni O‘zbekistonning savdo siyosatiga mas’ul odamlarning o‘zi sun’iy ravishda tashkil qilgan. Odamlar bunga reaksiya qilgan, ya’ni O‘zbekistonda televizor qimmat, shuning uchun ular qo‘lda olib kirishyapti. Endi savdo siyosatiga mas’ullar aytyaptiki, qo‘lda olib kirishni chegaralamasak bo‘lmaydi deb, o‘zlari tashkil qilgan muammoni jiddiylashtirishyapti. Bu muhokamada men 100 dollarmi, 300 yoki 30 ming dollar degan masalani emas, o‘zi nega bu muammoga kelib qoldik, degan narsaga e’tibor qaratish lozim deb bilaman.

Agar hozir limitni 300 dollardan 100 dollarga tushirsak, qaysidir tovarlarning narxlari qimmatlashadi. Chegaradan tovar olib o‘tadigan odamlar ham tirikchilik qilyapti, ham bizga qaysidir tovarlarning narxini arzonroq sotib olishga yordam berishyapti. Qanaqadir tovarni olib kirayotgani – iste’molchilarning sotib olish imkoniyatini kengaytiryapti.

O‘zi, chegaralararo chakana savdoning mavjudligi, menimcha, hammamizga uyg‘onish uchun signal bo‘lishi kerak. Qanday qilib chakana savdo orqali kirib kelayotgan narsalar “optom” keladigan narsalardan arzonroq?

Nimaga buni qayta qayta aytyapman, tasavvur qiling, siz O‘zbekistonga Xitoy yoki Yaponiyadan 100 mingta choynak olib kelsangiz, sizga beradigan narxi boshqacha, do‘kon peshtaxtasidagi narx boshqacha. Vaholanki, O‘zbekistonga ulgurji olib kelgandan ko‘ra, chakana olib kirish arzonroqqa tushyapti. Demak, O‘zbekiston shu qadar katta boj qo‘yyaptiki, bu – O‘zbekistonga odamlar o‘z qo‘li bilan tovarlarni olib kelishga majbur qilyapti.

Shunday siyosat olib borilishi kerakki, chet eldan jismoniy shaxslar qo‘lida olib keladigan narsa narx jihatdan jozibador bo‘lishi kerak emas. Aks holda, bu – savdo siyosatida katta xato borligidan dalolat beradi. Fransiyada fransuz pishlog‘i AQShdan arzonroqdir balki, lekin Fransiyadan pishloq sotib olib borib AQShda sotsangiz, AQShdagidan ko‘ra arzonga sota olmaysiz. Chunki kimdir o‘sha pishloqni katta konteynerda olib kelyapti, tabiiyki, u bilan narx borasida raqobatlasha olmaysiz. Bizda esa shu darajada farq kattaki, ayrim tovarlarda foyda 50-100 foizgacha bo‘lishi mumkin, shuni inobatga olganda ham O‘zbekistonda narsalar shunchalik qimmat.

Qozog‘istonda bir statistika bor edi, unga ko‘ra, mamlakatning janubidagi viloyatlar ayrim narsalarni boshqa hududlardan ko‘ra 2 barobar ko‘proq iste’mol qiladi. Tabiiyki, bu narsalar Qozog‘istonda iste’mol qilinmayapti, O‘zbekistonga olib kirilyapti. Ya’ni bizda odamlar tovarlarni qo‘lda olib kiryapti.

Nega O‘zbekistonga uchadigan har bir reysda o‘zbekistonliklarning qo‘lida iPhone bor? Noto‘g‘ri savdo tartibotlarimiz odamlarni shunday qilishga majbur bo‘lyapti. Agar normal savdo siyosati bo‘lganida, hukumat 100 dollarmi yoki 300 dollar degan diskussiyada bo‘lmasdi. Chunki jismoniy shaxslar katta korxonalar bilan raqobatlasha olmaydi. Apple'ning o‘zi O‘zbekistonga iPhone olib kirganida edi, siz yoki menga o‘xshagan odamlar Dubaydan qarindoshlarimizga iPhone ko‘tarib kirmasdik. Toshkentga kelayotganimni kimdir eshitsa, menga bitta iPhone olib kel deyishadi. E’tiborni shunga majbur qilgan savdo siyosatiga qaratishimiz kerak.

“Muammoning sababi emas, oqibati bilan kurashish kerak”

— Deylik, odamlarga pul berib, chegaradan tovar olib o‘tib sotadiganlar borligini aytayotgan mas’ullar haq deylik, ammo bu – o‘zlari o‘ylab topgan muammoning oqibati-ku. 5-6 yil oldin O‘zbekistonda konvertatsiya muammo edi, valutafurushlar bor edi, lekin ularning faoliyati noqonuniy edi. Vaholanki, valutafurushlarni ixtiro qilgan mexanizm konvertatsiya edi.

Chegaradagi savdo ham xuddi shunaqa – tadbirkorlar odamlarga pul berib, tovar olib kiryapti-da, soliq ham to‘lamayapti, deylik. Lekin shuning sababi bilan kurashish o‘rniga, oqibat bilan kurashishyapti. O‘sha paytda ham valyutchiklarni militsiya kelib qamab turardi, lekin ular kasb sifatida yo‘q bo‘lib qolmadi va eng katta korrupsion sxemaga olib keldi. Mana, konvertatsiya ochilganidan keyin dollarni so‘mga, so‘mni dollarga yorug‘, hammaning oldida bankka kelib almashtiramiz. O‘sha bank ham soliq to‘laydi, boshqa qiladi. Agar savdo siyosati normal bo‘lganida, tadbirkorlarga yuzlab odamlarni Qozog‘istonga jo‘natib, cho‘ntaginglarda 4 tadan iPhone'ga quvvatlagich olib kelinglar deyish jozibador bo‘lmasdi. Konteynerda katta hajmda yuk olib kirish arzonga tushardi. Qonuniy yo‘l qimmat bo‘lyapti-da, noqonuniy yo‘l arzon bo‘lyapti.

Noqonuniy yo‘lni qiyinlashtirish kerakligi o‘ylash emas, nima qilib qilib qo‘ydikki, bizning xalq noqonuniy yo‘l bilan shuni qilishga majbur bo‘lyapti deb o‘ylash kerak.

“Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llash uchun boj kiritish g‘alati mantiq”

— Ortimda Yaponiyada ishlab chiqarilgan Sony televizori turibdi. Hozir AQShda turibman, Yaponiyaga borib televizor olib kelib AQShda sotaman desam, AQShdagi do‘kondan ko‘ra qimmatga tushadi. Shuning uchun Tokiodan Los-Anjyelesga uchadigan yo‘lovchilarning qo‘lida televizor yo‘q, lekin Dubay–Toshkent reysi yo‘lovchilarida bo‘lardi. Sababi – konteynerda yuz minglab olib kelish birma-bir qo‘lda tashigandan arzon tushadi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llash uchun boj kiritish – g‘alati mantiq. Deylik, Yaponiya hukumati O‘zbekistonga millionta kompyuter sovg‘a qilsa, o‘zbekistonliklar uni olishi kerakmi-yo‘qmi? Ko‘pchilik ha deydi. Endi, Yaponiya sovg‘a sifatida emas, 10 foizlik chegirma bilan bersa-chi?

Hozirgi savdo siyosati shunday qilinganki, biz ko‘p narsani samarador ishlab chiqarmaymiz, shuning uchun bizdagi narxlar chet eldan qimmat. Savdo siyosatiga mas’ullar “biz samaradorligimiz past bo‘lgani uchun sun’iy to‘siqlar qilamiz-da, bizning samarasiz ishlab chiqarishimizni o‘zbekistonliklar moliyalashtirsin” deb hisoblaydi. Biz o‘zbekistonliklar samarasiz ishlab chiqaruvchilarni moliyalashtirishga majbur bo‘lishimizni xohlashyapti. Shu – asosiy muammo. Ular o‘ylashadiki, o‘zbekistonlik maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarning raqobatchisi yaponiyalik yoki koreyalik ishlab chiqaruvchilar deb, lekin aslida ularning raqobatchisi – raqobatli tovar ishlab chiqaradiganlar.

Qanday qilib pomidorni televizorga aylantirish mumkin?

“Mirzacho‘l mersedesi” degan maqola yozgandim Gazeta.uz'ga. O‘zi savdo nima ekani haqida aytishim kerak. Savdo – qaysidir tovardan boshqa tovar ishlab chiqarish texnologiyasi. O‘zbekistonliklar yaxshi pomidor ishlab chiqaryapti va uni Rossiyada sotyapti. O‘sha pomidordan televizor yaratishyapti. Qanday qilib degan savolingizga xalqaro savdo orqali deyman.

Biz pomidorlarni chet el valutasiga sotib, chet elda ishlab chiqariladigan televizor sotib olyapmiz. Ya’ni bizda pomidordan televizor yaratish mo‘jizasi bor.

Ichki bozor degan argument – iqtisodiy xato. Savdoni cheklashdan ichki bozor ishtirokchilari oladigan yutuq o‘zbekistonliklarning yutqizig‘idan ko‘ra kamroq.

  • Intervyuni Kun.uz'ning You Tube sahifasida ko‘rishingiz mumkin.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Montajchi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid